Husiylar Saudiya Arabistonidagi aeroportga dron bilan hujum qildi
Saudiya Arabistonining Abha shahrida joylashgan aeroportga dron vositasida hujum sodir etildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi Arab koalitsiyasining yozma bayonotida ma'lum qilindi.
Saudiya Arabistonining Abha shahrida joylashgan aeroportga dron vositasida hujum sodir etildi. Bu haqda Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi Arab koalitsiyasining yozma bayonotida ma'lum qilindi.
Bayonotga ko'ra, hujum oqibatida bir samolyotga zarar yetgan va 8 kishi jarohat olgan.
Ta'kidlanishicha, Yaman hududidan husiylar tomonidan uchirilgan dron aeroport ustida urib tushirilgan. Biroq dronning bo‘laklari yerga tushib, odamlar va uchish-qo‘nish yo‘lagida turgan laynerga shikast yetkazgan. Jarohatlanganlarning ahvoli va samolyotga yetkazilgan talafot haqida ma'lumot berilmagan.
Husiylarga qarshi kurash olib borayotgan koalitsiya kuchlari ushbu hujumni harbiy jinoyat deb atagan. Husiylar esa, hozircha voqea bo'yicha ayblovlarga izoh bermagan.
Arab koalitsiyasi ma'lum qilishicha, bir kun avval ham dron yordamida aeroportga hujum qilingandi. Dron aeroport ustida urib tushirilgandi. Bu safar dronning urib tushirilishi hech qanday talafotlarga olib kelmagandi.
Ta'kidlash joizki, uzoq vaqtdan beri siyosiy notinchlik hukm surib kelayotgan Yamanda Eron tomonidan qo'llab-quvvatlangan Husiylar Saudiya Arabistoni hududiga vaqti-vaqti bilan raketa zarbalari berib keladi va dronlar bilan hujum qiladi.