Yevrosiyo kun tartibi - 17 (2024)

Dasturimizning bugungi sonida Markaziy Osiyo respublikalari kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

2131926
Yevrosiyo kun tartibi - 17 (2024)

Joriy 2024 - yilning 15 - apreli kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov raisligida «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Quvayt, O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, Turkmaniston va Ummon Tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda 2023 - 2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasining tafsilotlari muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo respublikalari sammiti 2025 - yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.

2024 - yilning 18 – 19 aprel kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Tojikistonda bo‘lib qaytdi. Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon o‘zbekistonlik hamkasbini aeroportda shaxsan kutib oldi. Ikki davlat prezidentlarining o‘zaro va hay’atlararo uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Natijasida ikki davlat oʻrtasida yigirma sakkizta shartnoma imzolandi. Prezidentlar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida ittifoqchilik shartnomasini imzoladilar. Emomali Rahmon bilan Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar yarmarkasiga birgalikda uchradilar. Prezidentlar, O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasining yangi binosini ham birgalikda ochib berdilar.

2024 - yilning 18 – 19 apreli kunlari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘lib qaytdi. Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart To‘qayev qirg‘izistonlik hamkasbini aeroportda shaxsan kutib oldi. Ostona shahrida ikki davlat prezidentlari o‘rtasida uyushtirilgan o‘zaro uchrashuv samarali o‘tdi. Prezidentlar raisligida Qozog‘iston - Qirg‘iziston Davlatlararo Oliy kengashining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida ikki davlat oʻrtasida yettita shartnoma imzolandi. Prezident Qasim - Jo‘mart To‘qayev qirg‘izistonlik hamkasbi Sadir Joparovni “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi. Prezidentlarning o‘z ona tillarida chiqishlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Tashrif doirasida ikki davlat vakillari ishtirokida Oqsoqollar va ziyolilar davra suhbati, Qozog‘iston - Qirg‘iziston biznes forumi, Yoshlar forumi, Xalqaro Jusup Abdirahmonov konferensiyasi, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning dolzarb muammolarini hal etishda ilm - fanni rivojlantirish forumi bo‘lib o‘tdi.

***

Tojikiston 2024 - yilning 20 – apreli kunidan e’tiboran Turkiya fuqarolari uchun viza tartibini joriy qildi. 2024 - yilning 22 - marti kuni Moskvada yuz bergan teraktdan so‘ng Turkiya, Tojikiston fuqarolari uchun viza tartibini boshlatgan edi. Ya’ni Tojikiston fuqarolarining Turkiyaga viza orqali kirish jarayoni yo‘lga qo‘yilgandi.

Boshqa jihatdan esa tojik matbuotida, Tojikiston parlamenti 2024 - yilning 11 - aprelida Turkiya bilan 2023 - yili imzolangan harbiy - texnik shartnomani tasdiqlagani haqida xabar paydo boʻldi. Xabarda aytilishicha, Turkiya Tojikistonga insonsiz samolyotlar xarid qilib olish uchun 1,5 million dollar, harbiy kadrlar tayyorlash uchun esa 62 ming dollar ajratib beradi.

Markaziy Osiyo respublikalari liderlarining xuddi shu kunlarga to‘g‘ri kelgan tashriflari va bu tashriflarning samarali o‘tishi, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi integratsiyaning jadal tusda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Mintaqa davlatlari dunyoning boshqa yirik davlatlari, mintaqaviy tashkilotlari bilan birgalikda uchrashuvlar o‘tkazish, o‘z manfaatlarini birgalikda himoya qilishni an’anaga aylantirgan. Qozog‘istonda davom etayotgan suv toshqinida birinchi bo‘lib Markaziy Osiyo davlatlari yordam berishga urindi. Chegarada muammolari bor Tojikiston bilan Qirgʻizistonning chegaralarni aniqlash komissiyasi rahbarlari qoʻshma bayonot eʼlon qila boshladi. Bu o‘zgarishlarning barchasi Markaziy Osiyoning kelajagi yanada porloq bo‘lishidan dalolat bermoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.



Aloqador xabarlar