Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 12

«Turk dunyosiga bagʻishlangan umr» dasturining bugungi sonida, oʻrta asrning eng muhim siymolaridan biri boʻlgan Hoji Bektosh Vali va bektoshiylik haqida soʻz qilamiz.

2117524
Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 12

Hoji Bektosh Vali mistik, mutasavvuf, olim va islom faylasufi sifatida tanilgan va turk dunyosida muhim o‘ringa ega bo‘lgan tarixiy shaxsdir. Hayoti haqida aniq manba yoʻq. U haqidagi eng qadimgi manba XIV asrda qalamga olingan «Valoyatnoma» deb nomlangan asaridir. Xurosonda tugʻilgani maʼlum boʻlgan Hoji Bektosh, moʻgʻul bosqinchilaridan qochib, Anadoʻluga koʻchib kelgan turkman olimdir. Hayoti haqidagi yagona haqiqat esa, uning 1271 - yili Suluja Qorahoʻyukda vafot etganidir.

Yana «Valoyatnoma» asariga koʻra Hoji Bektosh Vali bir tomondan Suluja Qorahoʻyukda bir turkman shayxi sifatida oʻz jamoasi ichida ustozlik vazifasini ado etar ekan, ikkinchi tomondan esa bugungi Urgup mintaqasidagi xristianlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatib, ularning hidoyatga erishishiga zamin tayyorlagan. Shuningdek, shomon diniga e’tiqod qilgan mo‘g‘ullarning ham islom dinini qabul qilishlari uchun qizgʻin ish olib bordi va hatto xalifalarini ham xuddi shu maqsadda Anadoʻluning toʻrt burchagiga yubordi. Agar manbalarda uchragan ushbu ma’lumotlarga ishonadigan bo‘lsak, Hoji Bektosh Vali katta ehtimol bilan Anadoʻluga yassaviylik bilan qalandariylik aralashmasidan iborat haydariylik tariqati a’zosi sifatida kelgan. Keyin esa Ilyos Xurasoniy davrasiga kirib, vafoiylik tariqatiga doxil boʻladi va umrining oxiriga qadar shunday yashaganini aytish mumkin. Bunga koʻra uning nomi bilan atalishiga qaramay bektoshiylik tariqatiga, Hoji Bektosh tomonidan asos solinmagani anglashilmoqda. Tarixiy Hoji Bektosh Valining afsonaviy, hatto mifologik Hoji Bektosh Valiga aylanib qolishiga Abdal Musoning roli katta boʻlgan. Bugungi kunda uning maqbarasi Antaliya viloyatiga qarashli Elmali tumani yaqinidagi Tekkekoʻyda joylashgan. Mehmet Fuad Koʻprulu, XIV - asrda Suluja Qorahoʻyukdagi dargohida oʻsgan bu muhim shaxsning Hoji Bektosh Vali tariqatining yoyilishida qanday katta rol oʻynaganini ochib berdi. Koʻprulu va undan keyingi tadqiqotlar xulosasiga koʻra; hayotdaligi paytida unchalik ham tanilmagan bu kamtarin turkman shayhini, ham hayotda ham vafotidan keyin turli manqibalar orqali Markaziy va Gʻarbiy Anadoʻluda, ayniqsa, yangi tashkil etilgan Oʻsmonli beyligida tanitib, uni takror yashatgan Abdal Muso boʻlgan. XIV - asrning birinchi choragidan keyin Hoji Bektosh Vali dargohining shayxi boʻlgan Abdal Muso, haydariy darveshlari bilan yangi tashkil etilayotgan Oʻsmon beyligi tuproqlariga borib, u yerda Oʻrxon Gʻoziyning xizmatiga kiradi. Shu orqali fathlarda qatnashib, muvaffaqiyatga erishadi. Ammo u amalga oshirgan eng yirik ish, birgalikda jang qilgan Oʻsmonli gʻoziylariga Hoji Bektosh Valining manqibalari haqida gapirib, uning tanilishiga qoʻshgan hissasidir.

«Valoyatnoma» asaridagi Hoji Bektosh Valining oʻziga xos xususiyati shundaki, u oʻn ikki imom nasliga mansub bo‘lgan, yaʼni paygʻambar naslidan kelgan sayyiddir. Otasi Ibrohim Soniy Imom Muso al - Kozim naslidan boʻlib, Xuroson hukmdori edi. Bunga koʻra Hoji Bektosh Valiy ayni vaqtda bir shahzodadir. Yoshligida avvalom bor mashhur soʻfiy Lokmon Paranda, ortidan esa uning tavsiyasi bilan Ahmad Yassaviydan ta’lim oladi. Ana shu davrlarda ko‘plab mo‘jizalar ko‘rsatib, barchani lol qoldiradi. Ahmad Yassaviyning “nafas avlodi” Qutbuddin Haydarni asirga olingan Badaxshon viloyatidagi kofirlar qoʻlidan qutqaradi. Keyin esa, uning kamolga yetganini ko‘rgan Ahmad Yassaviy unga xalifalik ramzlari bo‘lgan toj, shamdon, joynamoz, dasturxon va yarim oyni topshirib, beliga taxta qilichini bog‘lab, Rumeliga tayin qiladi. Dastlab Makkaga borib, haj ziyoratini ado etgan Bektosh “hoji” unvonini oladi. Qaytar chog‘ida Najaf va Karbaloni ziyorat qilib, Anado‘luga yo‘l oladi. Hoji Bektosh Vali, Chepni qabilasiga mansub bir qancha ko‘chmanchi uyning qishlog‘i bo‘lgan Suluja Qoraho‘yukka keladi va Kadinjik onaning uyida mehmon bo‘ladi. Ayni vaqtda turli karomatlari bilan qishloq aholisi e’tiborini tortadi. Qishloqda yurgan paytlarida qishloqdagi sigirlarini boqib, tirikchilik qiladi. Ko‘p o‘tmay bugungi dargoh o‘rnidagi ilk chillaxona hisoblangan Qizilja halvatni quradi. Ana shundan keyin Hoji Bektosh Vali o‘zini qabul qildirib, shogird ola boshlaydi. Uning mashhurligi tezda tarqaydi va u yerda yashab yurgan partlarda Sayyid Mahmud Hayroniy va Ahi Evren kabi buyuk rum avliyolari bilan tanishib, atrofdagi musulmon bo‘lmaganlar bilan yaqin munosabatda bo‘ladi. Tanishgan mo‘g‘ul hukumati a’zolaridan bir qismining islom dinini qabul qilishga sabab bo‘lgan. Ko‘plab xalifa tarbiyalaydi va o‘limidan sal oldin ularning har biriga ijozat berib, Anado‘lining bir hududiga jo‘natadi. O‘zi esa, karomatiga yarasha olamdan o‘tadi. Bungacha aytilganlardan olingan natijaga ko‘ra Hoji Bektosh Valining haqiqiy shon - shuhrati va uning atrofida paydo bo‘lgan ajoyib oqim uning vafotidan keyin shakllangan. Bu tarixiy voqea Hoji Bektosh Vali oqimining avvalom bor, hayotdaligida oʻzi aʼzo boʻlgan Haydariy tariqatiga mansub darveshlar orasida paydo boʻlib, rivojlangani va ular orqali har tomonga yoyilganidan dalolat beradi.

Hoji Bektosh Valini Oʻsmonli gʻoziylari orqali tanigan Oʻsmonli sultonlari yenicheri (yangi qoʻshin) oʻchogʻini tashkil etar ekan gʻoziylar orasida keng yoyilgan kuchli oqim tufayli oʻchoqni boshqarish vazifasini ham ularga topshirganlar. Shu orqali Hoji Bektosh Vali xotirasi asta - sekin Oʻsmonli tuproqlarida rivojlanib, mashhur boʻlgan. XVI asr boshlarida esa Balim Sulton haydariylikdan uzoqlashib, Oʻsmonli hukumati markazining ham yordami bilan Hoji Bektosh Vali nomidan bektoshiylik tariqatiga asos solgan. Shunday qilib, Anadoʻlu turk sunniyligi Hoji Bektosh Valiyni markazga qoʻyish bilan rivojlanish jarayonini yakunladi.

 

 

 

 

 

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #bektoshiylik , #Hoji Bektosh Vali

Aloqador xabarlar