Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 7

Dasturimizning bugungi sonida, Turk dunyosi tadqiqotlarida alohida oʻringa ega boʻlgan va Xorazm davrida qalamga olingan «Nahjul farodis» nomli asarning turk tiliga qoʻshgan hissasi va asar muallifi haqida soʻz qilamiz.

2102234
Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 7

«Jannatlarning ochiq yo‘li» ma’nosidagi «Nahjul farodis» nomli asar, Xorazm davrida qalamga olingan noyob yozma yodgorliklardan biridir. Asar muallifi Mahmud ibn Ali as - Saroydir. U haqida judayam kam ma’lumotga egamiz. Oʻzi Xorazmning Kardar shahrida tug‘ilgan va 1360 - yili vafot etgan. Asarini 1358 – yildan oldin qalamga olgani qayd etilmoqda.

Turk adabiyotidagi qirq hadis tarjimalarining birinchi namunasi hisoblangan «Nahjul farodis» asari nasr janrida qalamga olingan bo‘lib, u, 444 sahifadan iboratdir. Mazmun jihatidan esa didaktiktir. Asar to‘rt bobdan va har bir bob o‘n fasldan tashkil topgan. Har bir fasl bir hadis bilan boshlanadi. Hadisning turkcha varianti ortidan taniqli islom ulamolari asarlaridan o‘sha hadis ma’nosiga oydinlik kirituvchi fikr – mulohaza va hikoyalarga o‘rin beriladi. Mavzuni boshqa hadis va oyatlar bilan ham tushuntirishga harakat qilinadi[1]. Birinchi bob, Hz. Muhammadning fazilatlari va hayoti haqidadir. Vahiy, Madinaga hijrat, meroj va payg‘ambarning vafoti xuddi shu bobga kiritilgan. Ikkinchi bob; to‘rt xalifa, ahli bayt; bular Hz. Fotima, Hasan, Husayn va to‘rt mazhab imomlari haqidadir. Uchinchi bob Ollohga yaqinlashtiruvchi amallar haqidadir. Namoz, zakot, ro‘za, haj, ota - onaga xizmat, halol taom, sabr va boshqa yaxshi amallar mana shu uchinchi bobda bayon etiladi. To‘rtinchi bob esa Olloh taolodan uzoqlashtiruvchi yomon amallar haqidadir. Nohaq qon to‘kish, zino, ichkilik, kibr, yolg‘on dunyoni yaxshi ko‘rish, riyokorlik, gina tutish va hasad kabi yomon amallar shu bobda o‘rin olgan[2]. Nahju’l farodisning hajmiga nazar tashlaganimizda uning, Xorazm davrining eng muhim asari ekani shubhasizdir. Muallifning sodda va tushunarli tildan foydalanishi masalasini tadqiqotchilar, uning jamoatchilikni xabardor qilish niyati bilan bog‘liq ekanini qayd etmoqda. Muallif o‘z ishida imo – ishoralar va didaktik asarlardan ham foydalangan holda, nima demoqchi ekanini yana – da aniq va qulay tushuntirishga muvaffaq bo‘ldi. O‘z davrida Qur’on – i Karimning turk tiliga tarjima qilinganini ham nazarga olgudek bo‘lsak, muallif uning xalq tomonidan anglashilishi murakkab ekanini ham inobatga olib, bir mavzuni uzoq va terang izoh etishga harakat qilgan. Eng muhimi, unda kundalik hayotda qo‘llanilgan so‘zlardan foydalanilganini kuzatish mumkin. Muallifning bu sa’y – hrakatlaridan maqsad, islom dinining to‘g‘ri va yana – da chuqur anglashilishi istagidir. Xalqning kundalik hayotda islom dinini qanday yashashi kerakligi borasida yo‘l ko‘rsatish harakatidir.

Bugungi kunda Nahju’l farodisning o‘n bir nusxasi borligi ma’lum. Ulardan biri Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida o‘rin olgan va eng toza qayta ishlangan Yangi jome’ masjidi qismi nusxasidir. Qozonlik olim Shahobiddin Marjoniy kutubxonasidagi nusxaning keyinchalik yo‘qolib qolgani aytilmoqda. Parij nusxasining boshi bilan oxiri yo‘q. Qozon Davlat universitetida ikki, Qozon Davlat pedagogika institutida esa bir nusxasi saqlanmoqda. Leningraddagi Fanlar akademiyasi Sharqshinoslik institutida esa ikkita boshqa nusxasi mavjud.

Nahju’l farodis asari ustida Zeki Velidi Tog‘an, Fuat Ko‘prulu, Janos Eckmann, Ali Fehmi Karamanlio‘g‘lu, O‘sman Nedim Tuna, Aysu Ata kabi olimlar ilmiy ishlar olib borar ekan, bir jihatdan uni ilm – fan dunyosi bilan tanishtirgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yuqorida ham aytib o‘tganimizdek Nahju’l farodis asari O‘rta asr turk tili, madaniyati va san’ati haqida olib borilgan tadqiqotlar nuqtai nazaridan muhim o‘rin tutadi va bebaxo yozma yodgorliklardan biridir.

***

Dasturimizning bugungi sonida, Turk dunyosi tadqiqotlarida alohida oʻringa ega boʻlgan va Xorazm davrida qalamga olingan «Nahjul farodis» nomli asarning turk tiliga qoʻshgan hissasi va asar muallifi haqida soʻz qildik. Mazkur dasturni Turkiya ovozi radiosi uchun Nazgul Qadirova tayyorladi. 



Aloqador xabarlar