Qozog‘iston – Italiya munosabatlaridagi oxirgi vaziyat

Yevroosiyo kun tartibi - 4 (2024)

2093189
Qozog‘iston – Italiya munosabatlaridagi oxirgi vaziyat

Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart To‘qayev yangi yilda chet elga bo‘lgan ilk tashrifini 2024 - yilning 18 – 19 yanvari kunlari Italiyaga amalga oshirdi. Prezident To‘qayev Rimda Italiya Prezidenti Serjio Mattarella va Bosh vazir Giorgia Meloni bilan uchrashdi. Uchrashuvlar yakunida Qozog‘iston bilan Italiya hukumatlari o‘rtasida 7 ta shartnoma imzolandi. 2024 - yili Rimda, 2025 - yili esa Qozog‘istonda 5+1 formatida yig‘ilish o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Prezident To‘qayev 19 - yanvar kuni Italiyaning 30 ta yetakchi kompaniyasi rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda tomonlar o‘rtasida 18 ta shartnoma imzolandi. Ikki davlat oʻrtasida qoʻshma investitsiya fondi tashkil etildi. Italiyaning NEOS havo yo‘llarining Qozog‘istonga qatnov yo‘lga qo‘yishi masalasida kelishib olindi. Uchrashuv yakunida Prezident To‘qayev Italiyaning ayrim kompaniyalari rahbarlari bilan alohida – alohida uchrashuvlar oʻtkazdi.

Prezident Toʻqayev Italiyaga boʻlgan tashrifi chogʻida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rimdagi vakolatxonalarida ham boʻldi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq - ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq - ovqat dasturi rahbarlari bilan uchrashgan Prezident Toʻqayev, uchrashuvlarida Qozogʻistonning BMT bilan boʻlgan hamkorligi masalalariga toʻxtaldi.

Xuddi shu kuni Prezident Toʻqayev Vatikanga borib, Rim papasi Fransisk bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida Vatikan arxivlari va kutubxonalarining qozoq olimlarining foydalanishi uchun ochilishi aytildi. Prezident Toʻqayev Vatikan muzeylari bilan ham tanishdi. Eslatib o‘tamiz, Rim papasi Fransisk 2022 - yili Qozog‘istonga tashrif uyushtirgandi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Joʻmart Toʻqayevning Italiyaga boʻlgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qildi. Aloqalar, ayniqsa, energetika, togʻ - kon sanoati, transport, oziq - ovqat, savdo, sanoat va yashil iqtisodiyot kabi sohalarda yangi bosqichga koʻtarilishi kutilmoqda.

***

Qozog‘istonning Yevropaning eng yirik davlatlari bilan aloqalari yuqori darajada desak mubolagʻa boʻlmaydi. Qozog‘iston Yevropaning yirik iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan Italiya bilan 2009 - yili strategik hamkorlik shartnomasini imzolagandi.

Italiya bugungcha Qozog‘istonga 7,3 milliard dollarlik to‘g‘ridan - to‘g‘ri sarmoya kiritdi. Qozog‘iston - Italiya o‘rtasidagi qo‘shma savdo hajmi 14,5 milliard dollarga yetdi. Bundan keyin qoʻshma savdo hajmini 20 milliard dollarga yetkazish ko‘zlanmoqda. Qozog‘iston Italiyaga asosan neft, bug‘doy va turli minerallar eksport qilsa Italiya Qozog‘istonga asosan dori - darmon, kosmetika va vitaminlar eksport qiladi. Qozog‘istonda 300 ga yaqin italyan kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.

O‘tgan 2023 - yilning 30 - noyabrida Olmaota shahrida Italiya madaniyat markazi ochildi. Bu markaz Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lish xususiyatiga egadir.

Qozog‘iston tashqi siyosatda muvozanat unsuriga alohida e’tibor bermoqda. Rossiya va Xitoyning Yevroosiyo geografiyasida kuchayib borayotgan ta’sirini muvozanatlash maqsadida Qozog‘iston G‘arbning yetakchi davlatlari bilan bo‘lgan munosabatlarini yanada rivojlantirishga harakat qilmoqda. Prezident To‘qayev, 2023 - yilning sentabr oyida Germaniyaga tashrif uyushtirgan bo‘lsa, Fransiya Prezidenti o‘sha yilning noyabr oyida Qozog‘istonga kelgandi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Qozog‘iston - Italiya munosabatlari yuqori darajada rivojlanmoqda.

 



Aloqador xabarlar