Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 1

Dasturimizning bugungi sonida, «Devonu lug‘otit turk» yoki «Turkiy so‘zlar devoni» va asar muallifi «Mahmud Qoshg‘ariy» hayoti haqida so‘z qilamiz.

2083711
Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 1

Kitob sotib olishga ishqiboz bo‘lgan, hayoti davomida yigirma mingdan ortiq nodir kitob va qo‘lyozma to‘plagan Ali Amiriy afandi 1914 - yili eski kitoblar sotiladigan sahhoflar bozoriga uchraydi. Tasodifan qo‘liga olgan kitobni o‘qib ko‘rgach, uning jahonshumul ahamiyatini darhol tushunib yetadi va biroz hayajonlanadi. Chunki qo‘lidagi kitob u paytlarda hali hanuz ilm ahliga ham ma’lum bo‘lmagan, bugungi kunda esa butun dunyoga mashhur turkiy tilining noyob asari, «Devonu lug‘otit turk» yoki «Turkiy so‘zlar devoni» edi. Topilgunga qadar bir qancha manbada tilga olingan ushbu lug‘at muallifi Mahmuddir. Chuqur va terang tadqiqotlar natijasida mazkur asar qimmatli manbalar qatoridan o‘rin oldi. Uning muallifi qashqarlik Mahmud esa buyuk olim ekanini isbotladi. XI asrda qalamga olingan ushbu shoh asar oddiy lug‘at emas, u turk tilining ensiklopedik lug‘atidir. Unda turk tilidagi so‘zlarning ma’nosi arab tilida izohlab beriladi.

Turk dunyosining atoqli farzandi, buyuk tilshunos Mahmud Qoshg‘ariy XI asrda yashab, ijod etdi. U o‘izining mashur asarini 1072 - 1077 yillarda Bog‘dodda qalamga oldi va uni abbosiylar xalifasi Muhammad al - Muqtadiy Biamrillohga taqdim etdi. Yozuvchining hayoti haqida batafsil ma’lumot yo‘q. Faqatgina uning asarida uchragan ma’lumotlarga ko‘ra otasi Husayn Chag‘ri Tigin, bobosi Muhammad Bug‘raxon bo‘lgan. Otasi Barsgan shahridan oʻsha davrning muhim madaniyat markazi Qashqarga koʻchib kelgan. U zodagonlar oilasidan bo‘lib, Qashqardagi Sajiya va Hamidiya madrasalarida tahsil olgan. Arab va fors tillarini puxta oʻrgangan. Mashhur turkolog Ahmet Bijan Erjilasunning yozishicha, qashqarlik Mahmudning otasi Chag‘ri Tigin 1056 - 1057 yillargacha Barsgan amiri bo‘lgan; bobosi Muhammad Bugʻroxon esa 1056 - 1057 yillarda Qashqarda Qoraxoniy davlatining sharqiy qanotining hukumdori edi. U taxtini 1057 - yili Husayn Chag‘riga topshiradi. Uning otasi oʻsha davrdagi taxt uchun olib borilgan kurashda oʻldirilgan. Tadqiqotchi va tilshunos Omeljan Pritsakning qayd etishicha, 1057-1058 yillarda saroy qatliomidan qochgan qashqarlik Mahmud, oʻn yilga yaqin turkiy xalqlar yashaydigan o‘lkalarni kezib va nihoyat Bogʻdodga boradi. Boshqa bir fikrga koʻra, 1057 - yili 49 yoshida Qashgʻarni tark etishga majbur boʻlgan Mahmud u yerdan Qoraxoniy davlatining gʻarbiy qanotiga, hozirgi Oʻrta Osiyoga boradi. U 1057-1072 yillar orasida mashhur asari «Devonu lug‘otit turk» uchun materiallar to‘plagan. 1072 – yili, oʻsha davr madaniyat markazi Bogʻdodga borib, mazkur asarini tamomlagan. Mahmud Qoshg‘ariy 1080 – yili o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtiga qaytib boradi. Opalda oʻzi ochgan «Mahmudiya» nomidagi madrasada dars berib, ilmiy ijod bilan mashgʻul boʻlgan. Mahmud Qoshg‘ariy 1090 – yili vafot etar ekan, Oʻpaldagi ajdodlari maqbarasiga dafn etilgan. Mazkur maqbara hozirgacha «Hazrati Mullom mozori» degan nom bilan mashhurdir.

Ushbu durdona asarni varaqlaganimizda, uning muqaddima qismida avvalom bor Olloxni va Hazrati Muhammadni, keyin esa turklarni madh etgan so‘zlari o‘rin olgan. Uning davomida esa yozuv usuli, turklar tomonidan foydalanilgan 18 harfli alifbo, turk qabilalari va urug‘lari, ularning joylashish o‘rinlari, til xususiyatlari haqida muhim maʼlumotlar bor. Devonning yirik qismi lug‘at tartibida bo‘lib, jami sakkiz bo‘limdan iborat. Unda turk tilidagi 8000 ga yaqin so‘z arab tilida izohlab berilgan. Asarda Turkistonning sharqi bilan g‘arbida yashovchi turk xalqlarining til xususiyatlari, ularning geografik joylari, iqtisodiyoti, ijtimoiy hayoti, madaniyati, urf – odatlari, toponomik ma’lumotlar o‘rin olgan.

«Devonu lug‘otit turk» yoki «Turkiy so‘zlar devoni» asarida ilk turk olimi tomonidan tayyorlangan dunyo xaritasi ilova etilgan. Roppa – rosa 319 varaq 638 betdan iborat bo‘lgan noyob asarning yagona nusxasi Istanbuldagi Millet qo‘lyozma asarlar kutubxonasining Ali Amiriy fondida saqlanmoqda. «Devon» bugungi kunga qadar ilm - fan olamida turk, ozarbayjon, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur turk lahjalari va nemis, ingliz, rus va fors tillariga tarjima qilingan. Mahmud Qoshg‘ariyning arablarga turk tilini oʻrgatish maqsadida qalamga olingan ushbu asaridan tashqari, oʻz asarida nomi tilga olingan «Javohirun nahvi fi lug‘atit turk» yani «Turkiy tillar sintaksisi javohirlari» deb nomlangan kitobning ham muallifi ekanini bilishimiz mumkin. Ilm olamining e’tiborini tortgan bu asar bugungi kungacha yetib kelmagan bo‘lishiga qaramay, qashqarlik Mahmudning turk dunyosiga qo‘shgan ulkan xizmatlari tufayli uning nomining yuzlab yillar davomida yodga olinishi shubhasiz.

***

Turkiya Milliy teleradiokompaniyasining Tashqi xizmati qoshidagi Turkiya ovozi radiosining o‘zbek tilidagi eshittirishining «Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr» deb nomlanga dasturining bugungi ilk sonida XI asrda yashab, ijod qilgan va turk dunyosining otasi sifatida qabul qilingan Mahmud Qoshg‘ariy va uning noyob asari «Devon» haqida so‘z qildik. Mazkur asar haqida bugungacha dunyoning turli burchaklarida ko‘plab ilmiy ishlar, tadqiqotlar olib borildi va haligacha davom etmoqda.  

TRT Turkiya Ovozi radiosi uchun Nazgul Qadirova tomonidan tayyorlandi

 



Aloqador xabarlar