O'zbekistondan xabarlar-63

Senat boshchiligidagi delegatsiyaning Qozog’istonga tashrifi

2073311
O'zbekistondan xabarlar-63

 

Joriy yilning 4-dekabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Ostona shahrida 2023-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqotida Qozog‘iston Respublikasining raisligi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Anjuman ishida Markaziy Osiyo parlamentlarining vakillari, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi direktori, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, davlat organlari, xalqaro va nodavlat tashkilotlarning vakillari, xalqaro ekspertlar qatnashdi. 

Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mintaqasida gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish va ayollar huquqlarini himoya qilishda parlamentlar va fuqarolik jamiyatining o‘rni hamda mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligi kabi mavzular muhokama qilindi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisi mintaqa davlatlarining so‘nggi 3 yildagi faol hamkorligi va mushtarak faoliyati Muloqot muhim maydonga aylanganidan dalolat ekanini taʼkidladi.

“Bizning platformamiz gender tenglikni taʼminlashga qaratilgan yagona tuzilmaga aylandi. Bu ishtirokchi mamlakatlarni bir-biriga yana-da yaqinlashtirdi va butun mintaqamiz uchun umumiy bo‘lgan dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish imkonini berdi. Biz bilan birgalikda xotin-qizlarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati ham faollashdi. Ularning bugungi tadbir ishida keng ishtirok etishi mintaqada xotin-qizlarni birlashtirishda yuqori darajaga erishilganidan dalolatdir”, – deb qayd etdi Senat Raisi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va unga barham berish, mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligini taʼminlash kabi masalalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Muloqot doirasida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash yuzasidan fikr almashildi.

Muloqotda raislik muddati bir yil bo‘lgani sababli 2024-yilda uni boshqa davlatga o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi va raislik Qirg‘iz Respublikasiga o‘tdi.

Taʼkidlash joiz, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqa parlamentlari ayol aʼzolari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun norasmiy platforma hisoblanadi. Muloqot BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va “BMT Ayollar” tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Muloqot rasman 2020-yil dekabr oyida ish boshlagan. 2021-yilda O‘zbekiston, 2022-yilda esa Turkmaniston Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilgan.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Ostona shahriga amaliy tashrifi doirasida Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev hamda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi Yerlan Koshanov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlarida parlamentlararo hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Shu bois ikki mamlakat vakillari doimiy ravishda o‘zaro muloqot olib boradi. 

Bu galgi uchrashuvlarda ham hamkorlikning muhim jihatlari yana bir bor muhokama qilindi.

Xususan, davlatlarimiz o‘rtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni huquqiy jihatdan taʼminlash uchun qonun ijodkorligiga eʼtibor qaratish hamda parlament nazorati doirasida ularning ijrosini taʼminlashga ko‘maklashishga kelishib olindi.

Maʼlumki, Markaziy Osiyo mamlakatlari barcha sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratmoqda. Shu jumladan, parlament yo‘nalishida ham. Shu nuqtai nazardan 2024-yilda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlarining parlamentlararo forumi yuzasidan fikr almashildi.

Qog‘og‘iston Parlamenti vakillari Toshkentda 30-noyabr kuni o‘tkazilgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha II Xalqaro Global forum natijalarini yuqori baholadi.

Tomonlar qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish amaliyotini davom ettirish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari va bir qator boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi.

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar