O'zbekistondan xabarlar-54

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan Dohada bo'ldi.

2046017
O'zbekistondan xabarlar-54

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Doha shahriga keldi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Davlatimiz rahbarini Qatar Bosh vaziri – tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr kuni Doha shahriga kelgach, “Nebras Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriyni qabul qildi.

Uchrashuvda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-oktabr kuni Doha shahrida o‘ziga ajratilgan qarorgohda “Power International Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyatni qabul qildi.

Mamlakatda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash obyektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida qayd etildi.

Qatar tomoni tez orada xolding O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Al Mirqab Capital” xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xonni qabul qildi.

Uchrashuvda mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Doha shahridagi “Amiri Devon” majmuasida davlat tashrifi bilan Qatarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

2-oktabr kuni Dohadagi “Amiri Devon” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qatar Amiri joriy yil iyun oyida Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrif mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi bosqichni boshlagani ta’kidlandi. O‘zbekiston bilan Qatar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qat’iy intilish bildirildi.

Tashrif arafasida Dohada O‘zbekiston elchixonasi ochildi, uning faoliyati samarali sheriklikni faol rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlaydi.

Qatarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga hamohang bo‘lgan “Nigoh 2030” davlat dasturiga yuqori baho berildi.

O‘zbekiston Qatarning ilmiy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sun’iy intellekt, “yashil” energetika borasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. Dohada O‘zbekiston madaniyati va turizm haftaligini o‘tkazishga kelishib olindi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini yaratish topshirig‘ini berdilar.

Muzokaralardan so‘ng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning muzokaralaridan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.

Xususan, hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi quyidagi hujjatlar imzolandi:

- O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida turizm va ishbilarmonlik tadbirlari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Qatar Davlati Ijtimoiy rivojlanish va oila vazirligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

- O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Qatar Davlati Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;

- O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi va Qatar Davlati Investitsiya agentligi o‘rtasida investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi;

- O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Qatar Davlati Ma’muriy nazorat va shaffoflik boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida quyidagi kelishuvlarga erishildi:

- O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari qo‘mitasi va Doha dinlararo muloqot xalqaro markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;

- O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi va Qatar Davlati Inson huquqlari bo‘yicha milliy qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;

- O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Qatar Davlati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzish to‘g‘risida bitim;

- O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va Qatar Davlati Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifi doirasida “EKSPO Doha – 2023” butunjahon ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Iroq, Yaman va qator boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi.

«EKSPO Doha» mintaqada o‘tkazilayotgan ilk global “yashil” ko‘rgazmadir. Tadbir “Yashil sahro, yanada yaxshi atrof-muhit” shiori ostida o‘tkazilmoqda va kelgusi yil mart oyiga qadar davom etadi.

Forum ishtirokchilari atrof-muhitni muhofaza qilish, ekotizimlarni rivojlantirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy qilish, yangi turdagi ekinlarni yetishtirish, innovatsion bog‘lar yaratish va boshqa yo‘nalishlardagi ilg‘or texnologiyalar va yutuqlar bilan tanishdi.

Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy pavilonida intensiv dehqonchilik va chorvachilik, ekologik menejment sohalaridagi eng yangi texnologiyalar, mamlakatimiz bog‘dorchilik va oziq-ovqat tarmoqlari taqdimotlari namoyish etilgan.

Shu bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatarga davlat tashrifini yakunladi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #Qatar , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar