O'zbekistondan xabarlar -37

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda Yevropa Ittifoqining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Ilkka Salmi bilan uchrashdi.

1993337
O'zbekistondan xabarlar -37

 

Senat Raisi hamkorlikdagi uchrashuvlar o’tkazdi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda Yevropa Ittifoqining terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Ilkka Salmi bilan uchrashdi.
Muloqot davomida mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarining turli yo‘nalishlari, xususan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Senat Raisi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida keyingi yillarda turli darajadagi muloqot faollashganini ta’kidlab, Yevropa Ittifoqi delegatsiyalari, xususan, Yevropa Kengashi, Yevropa Ittifoqi komissiyasi va Yevropa parlamenti vakillarining O‘zbekistonga amaliy tashriflari, mamlakatimiz hukumati va parlamenti vakillarining esa Yevropa Ittifoqiga tashriflari amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi. 
– Biz O‘zbekiston va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani davom ettirish tarafdorimiz. Bu borada “O‘zbekiston – “Evropa Ittifoqi” Parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida tashkil etilgan muloqot muhim o‘rin tutadi – deya ta’kidladi T.Narbayeva. 
O‘z navbatida Terxi Xakala samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatida faol ishtirok etayotgani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, Yevropa Ittifoqining yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etishga katta ahamiyat berilishini bildirdi.
– Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda kechayotgan tub demokratik yangilanishlarni to‘la qo‘llab quvvatlaydi va bu borada O‘zbekistonning barcha sohalarda xalqaro umume’tirof etilgan prinsiplarga sodiqligini  olqishlaydi. “Evropa Ittifoqi – O‘zbekiston” muloqotini amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdorimiz, – deb alohida ta’kidladi Terxi Xakala.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.

Shuningdek Senat Raisi Poytaxtimizda tashkil etilgan “To‘qimachilik haftaligi” doirasida “To‘qimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlik” mavzuidagi forumda ham Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi sifatida ishtirok etdi.

Tadbirda vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, yirik xalqaro kompaniyalar va xorijiy davlatlarning ish beruvchilar konfederatsiyalari, O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashishdi.

Anjumanda to‘qimachilik sanoati korxonalarining ijtimoiy mas’uliyati, jumladan, ishchilar huquqlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va ishlab chiqarishning ekologik barqarorligini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi. Forum ishtirokchilari to‘qimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish muhimligini ta’kidlab, iqtisodiyotning ushbu tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Senat Raisi o‘z so‘zida kuchli siyosiy iroda tufayli O‘zbekistonda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilingani, fuqarolik jamiyati vakillari va xalqaro hamkor tashkilotlar, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, sohaning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasi mustahkamlangani, xususan, xodimlar va ish beruvchilarning huquq va majburiyatlari nisbati yana-da muvozanatli, teng mavqeda mustahkamlanganini alohida qayd etdi.

Anjuman doirasida ishchilar huquqlarini himoya qilish, biznesning ijtimoiy mas’uliyati va atrof-muhitning barqarorligini ta’minlash, to‘qimachilik sanoatida ijtimoiy tadbirkorlikni rivojlantirish va uning mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va barqaror rivojlanishiga ta’siri masalalari muhokama qilindi.

Konferensiyada Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro Moliya Korporatsiyasining tikuvchilik sanoatida munosib mehnat standartlari va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Better work” qo‘shma dasturini O‘zbekistonda tadbiq etish bo‘yicha loyihaga start berildi.

Shuningdek, Konferensiyada Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva, «Better Cotton Initiative» dasturlari vakili Reychel Bekket va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi I.Xaydarov o‘rtasida “Better Cotton hamda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi o‘rtasida 2023-2024-yillarda Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlikdagi tadbirlar rejasi” ya’ni, yo‘l xaritasi imzolandi.

Ta’kidlash lozim, “Better work” hamda «Better Cotton Initiative» qo‘shma dasturining O‘zbekistonda amalga oshirilishi tikuv-to‘qimachilik sanoatiga zamonaviy, energiya tejovchi texnologiyalarni keng tadbiq etish, ishlab chiqarishning ekologiyaga ta’sirini kamaytirish bilan birga, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston paxta to‘qimachilik sanoatida investitsion muhitni yaxshilash, sohaga dunyo to‘qimachilik sanoatida tan olingan brendlarning kirib kelishiga, eng asosiysi ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkon yaratadi.

 



Aloqador xabarlar