Oliy Majlis Senatining o‘ttiz oltinchi yalpi majlisi

O‘zbekistondan xabarlar - 16

1924829
Oliy Majlis Senatining o‘ttiz oltinchi yalpi majlisi

27 -28 dekabr kunlari Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz oltinchi yalpi majlisi o‘tkazildi.

Unda Senat, hukumat a'zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashishdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilayotgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.

Senatning oʼttiz oltinchi yalpi majlisida senatorlar dastlab Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va Oʼzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor yoʼnalishlarga eʼtibor qaratdilar.

Taʼkidlanganidek, Murojaatnoma oʼz mohiyati va ruhiyatiga koʼra mamlakat fuqarolari, ularning manfaati va bevosita aholining yashash sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan dasturiy hujjatdir. Unda koʼtarilgan har bir masala parlament faoliyati bilan chambarchas bogʼliq boʼlib, barcha sohalarda qonun ustuvorligini, qabul qilinayotgan hujjatlarning joylarda ijrosini taʼminlash boʼyicha parlament tomonidan samarali nazorat oʼrnatish, ularning toʼliq bajarilishini monitoring qilish Senatning asosiy vazifalaridandir. 

Jumladan, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimini yoʼlga qoʼyish va uning faoliyati natijadorligini taʼminlash vazifalaridan kelib chiqib, Senat qoʼmitalari oʼz faoliyati yoʼnalishida hamkorlik qiluvchi tegishli davlat boshqaruvi organlari bilan oʼzaro aloqa va ishlash uslublarini qaytadan koʼrib chiqish zarurligi taʼkidlandi. Zero, parlament faoliyatining asosiy ish mazmuni hokimiyatlar oʼrtasidagi oʼzaro tiyib turish, manfaatlar muvozanatini saqlagan holda xalq manfaati yoʼlida hokimiyat boʼgʼinlari oʼrtasidagi hamkorlikdan iborat. 

Shuningdek, Murojaatnomada qoʼyilgan vazifalardan kelib chiqib, Senat qonunlarning muhokamasini mahalliy Kengashlar darajasida ham faol oʼtkazishi, qonunlarning har bir hududning manfaatlariga mosligini baholab borishi lozimligi, qonunlarni ekspertlar va jamoatchilik muhokamasidan oʼtkazish mexanizmlarini kengaytirish zarurligi alohida belgilandi.

Shu bilan birga parlamentning nazorat-tahlil faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligiga urgʼu berilib, bunda asosiy eʼtiborni hududga, ayniqsa, mahallalarga qaratish va bu jarayonga mahalliy Kengashlarni faol jalb qilish, aholi bilan ishlash natijasida aniqlangan dolzarb masalalarni Hukumat aʼzolari oldida koʼtarish va ularning yechimini topishga koʼmaklashish lozimligi taʼkidlandi.

Murojaatnomaning inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish yoʼnalishida bevosita senatorlar eʼtibori markazida boʼlishi lozim boʼlgan masala - korruptsiyaga qarshi kurashish masalasi hisoblanib, senatorlar tegishli sohalarni tahlil qilgan holda korruptsiyani bartaraf etish masalasida faol boʼlishlari zarurligi alohida qayd etildi. Jumladan, ushbu yoʼnalishda masʼul boʼlgan Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qoʼmitasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan doimiy hamkorlikda boʼlsa-da, endilikda bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqish va yanada aniq, samarali tashkil etish lozimligi taʼkidlandi. Muhimi, bevosita hududlarda, sohalar kesimida tahlillar oʼtkazish, muammolar yechimi yuzasidan takliflar tayyorlash va ularni amalda tatbiq etishga asosiy eʼtiborni qaratish, xususan, byudjet hisobidan boʼlayotgan qurilishlarni hamda “tashabbusli byudjet” hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar sifatini joylarga chiqib oʼrganishni inobatga olish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek, yalpi majlis davomida Murojaatnomada taʼkidlangan sud qarorlari ijrosining qatʼiy taʼminlanmayotganligi muammosiga ham alohida eʼtibor qaratilib, Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qoʼmitasi tegishli idoralarda sud qarorlari ijrosi holatini oʼrganishi va asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqishi zarurligi, mazkur masalaga Bosh prokuror hisobotini eshitish davomida ham alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi belgilandi.

Undan soʼng Yalpi majlisida “2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan 2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2024–2025 yillar uchun byudjet moʼljallari belgilangan.

Taʼkidlanganidek, Qonunga koʼra, 2023 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning oʼsish surʼatlari 5,3 foizni va isteʼmol narxlari indeksi 2022 yilning dekabrь oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida boʼlishidan kelib chiqib, Davlat byudjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.

Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining daromadlari 2023 yilda 310,7 trln soʼmni hamda xarajatlar 343,2 trln soʼmni tashkil etishi kutilmoqda.

Qonun bilan 2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi (Oʼzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʼzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʼyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd АQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda.

2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamgʼarmalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln soʼmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.

Senatorlar Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yoʼnaltirilayotgan mablagʼlar miqdoriga jiddiy eʼtibor qaratdilar. Qayd etilganidek, taʼlim sohasi xarajatlari 58,4 trln soʼm, sogʼliqni saqlash sohasiga 28,4 trln soʼm, madaniyat sohasiga 2,5 trln soʼm, sport sohasiga 2,3 trln soʼm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023 yilda 1,8 trln soʼm yoʼnaltirish belgilangan.

2023 yil uchun Davlat byudjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʼnalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trln soʼm ajratiladi.

Shu bilan birga kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori boʼlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti boʼyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan 1,1 trln soʼm subsidiyalar toʼlab berilishi koʼzda tutilgan.

Iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 36,7 trln soʼmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,4 foizni, jami xarajatlarning 14 foizini tashkil etib, bu mablagʼlar asosan tomchilatib sugʼorish, geologik qidiruv ishlarini va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda uy-joy kommunal xizmatlari bilan bogʼliq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʼnaltirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Senatning oʼttiz oltinchi yalpi majlisida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi.

Mazkur Qonun Ichki ishlar vazirligi tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid davlat siyosatini samarali roʼyobga chiqarish, mazkur jabhadagi munosabatlarni toʼliq tartibga solishni taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Taʼkidlanganidek, Qonun ijodkorligida shoshma-shosharlikka, yuzakichilikka, hamma uchun majburiy boʼlgan qoidalarni shunchaki, yetarli asoslarsiz belgilab ketishga zinhor yoʼl qoʼyib boʼlmaydi.

 “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʼgʼrisida”gi Qonun ham bu talabdan mustasno emasligiga eʼtibor qaratildi.

Qonun 8 ta bob va 88 ta moddadan iborat boʼlib, Senatning Mudofaa 

va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi tomonidan soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar ishtirokida oʼtkazilgan muhokamalar uni qayta koʼrib chiqish lozimligini koʼrsatganligi qayd etildi.

Senatorlarning bildirishicha, Qonundagi qator normalar amaldagi boshqa qonunlar, jumladan huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan bevosita yoki bilvosita bogʼliq boʼlgan qoidalarga nomuvofiq, hatto baʼzi oʼrinlarda zid va qarama-qarshidir.

Xususan, Qonunning 19-moddasida sogʼliqni saqlash muassasalarining huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi vakolatlari sifatida voyaga yetmagan shaxslar oʼrtasida alkogolь va tamaki mahsulotlari, isteʼmol qilinishining profilaktikasiga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, alkogolь taʼsirida mast holatda boʼlgan voyaga yetmagan shaxslarni kecha-kunduz qabul qilish va ularga tibbiy yordam koʼrsatish belgilab berilmoqda.

Yalpi majlis davomida muhokama qilingan boshqa bir yaʼni, “Аlkogolь va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʼgʼrisida”gi Qonunda esa yigirma bir yoshga toʼlmagan shaxslar toʼgʼridan-toʼgʼri taʼsir etish subʼektlari sifatida belgilangan.

Har ikkala qonundagi mazkur oʼzaro nomuvofiqlik bartaraf etilishi zarurligiga, yaʼni, voyaga yetmaganlar va yigirma bir yoshgacha boʼlgan shaxslar bilan bogʼliq munosabatlarga har ikkala qonunda yagona va maqbul yondashuvni ifoda etish lozimligi qayd etildi. 

Ikkinchidan, Qonunning 3-moddasida “voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs” tushunchasiga voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari uni taʼminlash, tarbiyalash va unga taʼlim berish boʼyicha oʼz majburiyatlarini bajarishdan boʼyin tovlaganligi yoki ularni lozim darajada bajarmaganligi oqibatida xulq-atvori nazoratsiz qolgan, voyaga yetmagan shaxs deb taʼrif berilmoqda.

Konstitutsiyaning 64-moddasida ota-onalar zimmasiga oʼz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalash majburiyati yuklatilgan. Shu boisdan Qonunda voyaga yetmagan nazoratsiz shaxs boʼyicha berilayotgan tushunchaning Konstitutsiyaning 64-moddasiga muvofiqligini qayta koʼrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Uchinchidan, Qonunning 43-moddasida rasmiy ogohlantirishning shakli Аdliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilmoqda. Аmaldagi normalarda esa, rasmiy ogohlantirishning shakli Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

Biroq, Qonunda ushbu vakolatning nima uchun Hukumatdan vazirlikka olib berish koʼzda tutilayotganini mutaxassislar ham, qonun tashabbuskorlari ham dastlabki muhokamalarda asoslab bera olmagan.

Holbuki, bunday yondashuv teng maqomdagi vazirlik va idoralar uchun bir vazirlik tomonidan umummajburiy boʼlgan protsessual yoki rasmiy tusga ega hujjat shakli tasdiqlanishiga olib kelishi ustuvor normalarga mutlaqo ziddir. Qolaversa, Qonunning 32-moddasida Bosh prokuratura huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir faoliyatni muvofiqlashtiruvchi yagona davlat organi etib belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan mazkur Qonun jiddiy qayta koʼrib chiqishga muhtoj va uning hozirgidek holatda maʼqullanishi amaliyotda samaradan koʼra, koʼproq muammo tugʼdirishi taʼkidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan rad qilindi.

Shu kabi kun tartibidagi muhim masalalar bilan Senat Yalpi Majlisi bugun ham davom etmoqda.

Dastlab senatorlar kun tartibiga kiritilgan masalalarni koʼrib chiqishdan oldin hududlarda olib borilgan oʼrganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar, ularga yechim topish borasidagi ishlarni muhokama qilmoqda.

 



Aloqador xabarlar