O'zbekistondan xabarlar 11- qism

Joriy ilning 18 noyabr kuni, Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼttiz beshinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi.

1910575
O'zbekistondan xabarlar 11- qism

 

Oliy Majlis Senatining oʼttiz beshinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi

Joriy ilning 18 noyabr kuni, Toshkent shahrida Senatning majlislar zalida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʼttiz beshinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi.

Unda Senat, hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Yalpi majlisida 2022–2026 yillarga moʼljallangan Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil 9 oyi yakuni boʼyicha bajarilishi yuzasidan Hukumatning hisoboti eshitildi.

Xususan, dasturning 607 ta yaxlit va kichik bandlarda nazarda tutilgan topshiriqlardan 233 ta (33 foiz) band va kichik bandlar toʼliq bajarilgan boʼlib, hisobot davrida 219 ta normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar qabul qilingan.

Hukumat tomonidan oʼz vaqtida koʼrilgan choralar natijasida oʼtgan yilning shu davriga nisbatan yalpi ichki mahsulot koʼrsatkichi 105,8 foizni tashkil etgan.

Davlat byudjetining jami xarajatlari 162,4 trln soʼmni, shundan ijtimoiy sohalarga yoʼnaltirilgan xarajatlar 83,3 trln soʼmni tashkil qilgan. Аmalga oshirilgan jami xarajatlar oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 24,7 foizga oshgan.

Hisobot davrida 1,9 mln nafar fuqaroning daromadli mehnat bilan bandligi taʼminlangan.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish boʼyicha 69,3 mingdan ziyod yangi savdo va servis obʼektlari ishga tushirilgan boʼlib, ularda 1 mingdan ziyod aholining bandligi taʼminlangan.

“Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish maqsadida umumiy qiymati 700 mln dollardan ortiq boʼlgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobiga Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlarida quvvati 1 154 MVtga teng 5 ta elektr stantsiyalari ishga tushirilgan.

Yoʼl-transport kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish maqsadida 5,8 trln mablagʼlar hisobiga jami 15 ming 95 km avtomobilь yoʼllari hamda 104 ta koʼprik taʼmirlangan.

Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida 2 762 ta obʼekt uchun 23,8 trln soʼm mablagʼ ajratilgan boʼlib, hisobot davrida 466 ta maktab, 163 ta maktabgacha taʼlim, 63 ta tibbiyot, 11 ta sport obʼekti foydalanishga topshirilgan.

Birlamchi tibbiy sanitariya yordami tizimida 19,5 ming kunduzgi shifo oʼrinlari tashkil qilinishi va ularning ish faoliyati 20:00 gacha uzaytirilishi natijasida poliklinikalarga murojaatlar soni 191 mlnni tashkil qilib, oʼtgan yilning mos davriga nisbatan 4 mlnga ortgan.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 182,6 ming nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 135,4 ming nafari ijtimoiy-iqtisodiy qoʼllab-quvvatlangan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan Davlat dasturi ijrosi yuzasidan yoʼl qoʼyilgan ayrim kamchiliklarga ham toʼxtalib oʼtildi.

Jumladan, Dasturning 286-bandida qayd qilingan vazifa, yaʼni tajriba tariqasida “Yangi Аngren IES”da Mis eritish zavodlarining ifloslantiruvchi manbalaridan namuna olish va tahlil qilish boʼyicha avtomatik stantsiyalarni oʼrnatish ishlari amalga oshirilmagan.

Dastur ijrosi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan koʼplab eʼtirozlarga sabab boʼlayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratdilar.

Muhokamalardan soʼng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so’ng, daryolar oʼzanlarini tozalash va qirgʼoqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yoʼl xoʼjaligi obʼektlariga salbiy taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʼrovi natijalari muhokama qilindi.

Hukumat tomonidan berilgan maʼlumotga koʼra, soʼrovda koʼtarilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Senat ishchi guruhi tuzilib, holat oʼrganilgan.

Oʼrganish jarayonida suv havzalarida litsenziya asosida qum-shagʼal qazib olayotgan 94 ta tadbirkorlik subʼektidan 12 tasida noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibi, 25 tasida litsenziya shartlari buzilganligi aniqlangan.

Daryolar oʼzanlarini tozalash va noruda qazilmalarni qazib olishni nazorat qilishdagi asosiy kamchiliklar tegishli tashkilotlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari bilan bogʼliq boʼlsa-da, sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish ishlari talab darajasida amalga oshirilmagan. Litsenziya va shartnoma asosida qazish ishlarini ayrim mutaxassis boʼlmagan xodimlar olib bormoqda. Oqibatda daryo oʼzanlari tiklab boʼlmas holatga kelishiga va ularning yoʼnalishi oʼzgarishiga taʼsir qilmoqda.

Qum-shagʼal mahsulotlari sanoat usulida qazib olinishi daryo qirgʼoqlari kengligining besh yuz metrdan ortib ketishiga sabab boʼlmoqda. Bundan tashqari, daryo oʼzanlari belgilangan chuqurliklardan pastga tushib ketayotganligi natijasida yer osti chuchuk suvlari ifloslanib, suv sathi pasayib ketmoqda.

Tadbirkorlik subʼektlari tomonidan litsenziya yoki shartnoma muddati tugagandan soʼng kon yoki uchastkani qabul qilib olish tartibi joriy etilmagan.

Shuningdek, kon ishlari yakunlangandan soʼng buzilgan yer maydonlarini rekulьtivatsiya qilish va davlat zahirasiga qaytarish boʼyicha talabni bajarmagan subʼektlarga nisbatan qonunchilikda taʼsir choralari mavjud emas. Bu oʼz navbatida daryo oʼzanlari tartibga keltirilmay, uning qirgʼoqlarini mustahkamlash ishlari bajarilmay tashlab ketilishiga, tadbirkorlik subʼektlariga berilgan litsenziya bilan keng hudud biriktirilganligi oqibatida daryolar qirgʼoqlaridan qazish ishlari oʼtkazilishi va ularning buzilishiga sabab boʼlmoqda.

Senatorlar muhokamalar davomida tegishli tashkilotlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslaridagi kamchiliklar, tizimli muammolarning saqlanib qolayotgani, qum-shagʼallarning noqonuniy qazib olinishi natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini hisob-kitob qilish mexanizmi mavjud emasligini taʼkidlab, qonunchilikdagi mavjud boʼshliq oqibatida koʼrilayotgan taʼsir choralari samarasi sezilmayotganini alohida qayd etdilar.

Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisdagi keying masala “Izmir Shartnomasini (Izmir, 1996 yil 14 sentyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqish bo’ldi.

Senatorlar ushbu Shartnoma 1996 yil 14 sentyabrda 10 ta mamlakat – Afg‘oniston, Ozarbayjon, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Eron va O‘zbekiston tomonidan imzolanganini hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) ta’sis hujjati ekanligini ta’kidladilar.

Shartnoma Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining tashkiliy tuzilmasini, uning maqsad va faoliyat tamoyillarini, shuningdek, moliyaviy masalalarni hamda tashkilotda qarorlar qabul qilish tartibini belgilaydi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston tomonidan Izmir Shartnomasining ratifikatsiya qilinishi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish uchun huquqiy asos yaratishini, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar bilan keng hamkorlik qilish imkonini berishini ta’kidladilar.

O‘zbekistonning tashkilotda to‘liq ishtirok etishi xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish, transport-logistika yo‘laklarini kengaytirish, shu jumladan, tranzit tashish tariflarini birxillashtirish orqali kengaytirish, mamlakat mintaqalarining turistlar jalb etuvchanligini oshirish imkonini beradi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy hadli Bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqishdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur Bitim 2022 yil 29 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan. Bitim harbiy tayyorgarlik va harbiy ta’lim, mudofaa sanoati hamkorligini rivojlantirish, logistika sohasidagi hamkorlik, kartografiya va gidrografiya, minalar va qo‘lbola portlovchi qurilmalarga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Turkiya Respublikasi Milliy mudofaa vazirligining yillik rejalariga kiritiladi.

Muhokama chog‘ida Bitimning ratifikatsiya qilinishi Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni talab qilmasligini, Bitim doirasida tashkil etiladigan barcha tadbirlar esa har yili Mudofaa vazirligiga ajratiladigan budjet mablag‘lari doirasida amalga oshirilishi qayd etildi.

O’z navbatida yalpi majlisda senatorlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi muhim ikki tomonlama shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdi.

Muhokamada tegishli vazirlik va idoralar, shuningdek, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimliklari rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari, ekspertlar ham ishtirok etdi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari tufayli Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy ishonch muhiti yaratilganini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Ilgari umumiy manfaatlarga erishish yo‘lida mintaqa mamlakatlarining o‘zaro yaqinlashishiga to‘siq bo‘lib kelgan ko‘plab muammoli masalalarni hal etishda oldinga siljish yuz berdi.

Yalpi majlisda senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini batafsil muhokama qildilar.

Senatorlar davlat chegarasi bilan bog‘liq nizoli masalalarning hal etilishi mamlakatimiz milliy xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi, chunki bu chegaradagi nizolarning oldini olish va noqonuniy savdoga samarali qarshi kurashish imkonini beradi.

O‘z navbatida, Andijon (Kampirobod) suv omboridan birgalikda foydalanish minglab fermer xo‘jaliklarini suv bilan uzluksiz ta’minlashda ishonchli kafolatlar yaratadi.

Bundan tashqari, mazkur hujjatlarning qabul qilinishi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona va o‘zaro manfaatli foydalanishga xizmat qilishi, ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga imkon berishi ta’kidlandi.

Shuningdek yalpi majlisda joriy yilning 27-28 oktabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining (PA) kuzgi sessiyasi yakunlari muhokama qilindi.

MDH PA kuzgi sessiyasining (sayyor) Assambleya faoliyatida birinchi marta Sankt-Peterburgdagi qarorgohidan tashqarida, ya’ni mamlakatimizda o‘tkazilishi, avvalo, O‘zbekistonda olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning, qolaversa, parlament diplomatiyasining yutug‘i sifatida halqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Unda ko‘rilgan masalalar, kelishuvlar, parlamentlararo o‘zaro muloqot taraflarning manfaatlarini hisobga olish hamda hurmat qilishga asoslangan ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Qayd etilganidek, Assambleyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi namunaviy qonun ijodkorligi hisoblanib, hamdo‘stlik mamlakatlari parlamentlari a’zolarining MDH PA maydonidagi o‘zaro hamkorligi tufayli jamiyat hayotining turli sohalaridagi muammolarni hal qilishda kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga erishilmoqda.

MDH PA a’zo mamlakatlari tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan model qonunlarni qabul qilish ishtirokchi davlatlar uchun majburiy emas. Ular milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda qonunchilikka implementatsiya qilinishi mumkin.

MDH PA faoliyatining 30 yil davomida a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish, qarorlar qabul qilish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi va u ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishning xalqaro miqyosda tan olingan instituti hisoblanadi.

Samarqand shahrida o‘tkazilgan kuzgi sessiya doirasida parlamentlar a’zolari tomonidan saylov, referendum va ularni kuzatish to‘g‘risidagi ko‘plab namunaviy qonunlar, shuningdek, xavfsizlik, fan va ta’lim, intellektual faoliyat, atrof muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalarga oid 40 dan ortiq namunaviy hujjatlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, senatorlar MDH mamlakatlarining yosh parlamentlari a’zolari Yoshlar parlamentlararo assambleyasi majlisiga to‘planishi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega ekanligiga to‘xtaldilar.

Unda, xususan, mamlakatimiz parlamentining ikkala palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentlari a’zolari tomonidan ilgari surilgan yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni qonunchilik yo‘li bilan tartibga solish orqali hal etish hamda ishlamaydigan va ta’limga jalb etilmagan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish kabi tashabbuslar ishtirokchi davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

MDH PA huzurida Ekologiya va tabiatdan foydalanish bo‘yicha Ekspert kengashini tuzish bo‘yicha tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.

Ta’kidlanganidek, keskinlik va noaniqlik kuchayib borayotgan, o‘zaro muloqot va ishonch yetishmayotgan, xalqaro munosabatlarda noaniqlik kuchayayotgan sharoitda aynan parlament va xalq diplomatiyasi davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va ko‘p qirrali munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Muhokamalar yakunida ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan so’ng, Senatning o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan davlat organlari va tashkilotlarida genderga oid audit o‘tkazishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida, jumladan kadrlar siyosatini olib borishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi holatini, shuningdek, genderga doir kompleks yondashuvni o‘rganish va baholash faoliyati genderga oid audit sifatida belgilanmoqda.

Auditni o‘tkazishning asosiy vazifalari – davlat organlari va tashkilotlarida xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbatini hamda genderga doir kompleks yondashuv asosida tashkil etganligi holatini o‘rganish, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash sohasidagi qonunchilikning ijro etilishini baholash etib belgilanmoqda. Shu bilan birga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Qonunda genderga oid audit uch yillik rejaga asosan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida jamoatchilik nazorati doirasida o‘tkazilishi, uning natijalariga doir axborot va takliflar Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasiga (Komissiya) yuborilishi aks etmoqda.

Genderga oid audit natijalari to‘g‘risidagi axborot O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Shuningdek, Komissiyaga xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirishga, xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida gender tenglikka erishishga, oilani mustahkamlashga, onalik, otalik hamda bolalikni muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, gender tenglikni, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlarning joriy holatini o‘rganish, mavjud muammolarni tanqidiy jihatdan tahlil qilish va bartaraf etish choralarini ko‘rish, genderga oid auditni o‘tkazish rejasini tasdiqlash va genderga oid auditni o‘tkazish uslubiyatini belgilash  bo‘yicha vakolatlar berilmoqda.

Shu va boshqa muhim masalala kun tartibidan o’rin olgan Senat yalpi majlisi 18-19 noyabr kunlari bo’lib o’tdi va masalalar yuzasidan zarur qarorlar qabul qilindi.



Aloqador xabarlar