Yevrosiyo kun tartibi - 12

Dasturimizning bugungi sonida Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti haqida so‘z qilamiz.

1907401
Yevrosiyo kun tartibi - 12

Joriy yilning 10-11 noyabri kunlari O‘zbekistonning tarixiy Samarqand shahrida, “Turkiy sivilizatsiyasining yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” degan nom ostida Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mezbonlik qilgan ushbu sammitda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya, O‘zbekiston, Türkiye va Turkmaniston liderlari ishtirok etdi.

Sammitda ishtirok etish uchun 2022-yil 10-noyabr kuni Samarqandga kelgan davlat rahbarlari orasida o‘zaro uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Shu doirada Türkiye Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Prezident Erdo‘g‘onga “Oliy darajaliImom Buxoriy” ordeni topshirildi.

2022-yil 11-noyabrda Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti boʻlib oʻtdi. Unda, Turk tilida so‘zlashuvchi davlatlarning liderlaridan tashqari Turk dunyosining mushtarak tashkilotlari shu jumladan Turkiy Davlatlar Tashkiloti, TURKSOY, TurkPA, Xalqaro Turk Akademiyasi, Turk Madaniyati va merosi fondi bosh kotiblari ham ishtirok etdilar.

Sammit yakunida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning besh yillik strategiyasi tasdiqlandi. Yigʻilishda qabul qilingan eng muhim qaror, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qilinishi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu yo‘l orqali, Shimoliy Kipr Turk Respublikasining Turk tilida soʻzlashuvchi Respublikalar tomonidan tan olinishi uchun birinchi qadam tashlandi. Bundan tashqari savdo, iqtisodiyot, transport, bojxona va raqamlashtirish sohalarida shartnomalar imzolandi.

Sammitda Samarqand shahri, “Turk dunyosi sivilizatsiyasi poytaxti” deb e’lon qilindi. Ozarbayjonning Shemaxi shahri esa, “Turk dunyosining 2023 - yilgi turizm poytaxti” bo‘ldi.  Turk davlatlarining umumiy alifbodan foydalanishi haqida kelishuvga erishildi. O‘zbekiston TURKSOYga a’zo bo‘lish jarayonini yakunladi.

Qirg‘iziston Respublikasining Anqaradagi elchisi Kubanichbek O‘muraliyev tashkilotning yangi Bosh kotibi etib saylandi. Sobiq Bosh kotib Bag‘dad Amreyev esa, Turkiy Davlatlar Tashkiloti qoshida yangi tashkil etilgan Turkiy sarmoya fondi rahbari etib tayinlandi. Turkiy sarmoya fondining tashkil etilishi, tashkilotning kelajagi va Turk dunyosining integratsiyasi jihatidan nihoyatda muhim. Samarqanddagi sammitda, Xalqaro Turk akademiyasi rahbari etib Shahin Mustafayev tayinlandi.

Turkiy davlatlari tashkilotining “Alisher Navoi” mukofoti marhum qirg‘iz yozuvchi Ching‘iz Aytmatovga topshirildi. Mukofotni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov qabul qilib oldi. Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an va Turkmaniston parlamenti raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham Turk dunyosi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlandi.

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev sammitdagi nutqida, ommaviy axborot vositalari kuchidan birgalikda foydalanishni va Ostonada tashkilotning raqamlashtirish markazini tashkil etishni taklif qildi. Bu sohalarda Turkiy Davlatlari Tashkiloti yetakchiligidagi loyihalar ishlab chiqiladi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Samarqandda, Turk tilida so‘zlashuvchi respublikalardan tashqarida istiqomat qiluvchi, turk millatiga mansub xalqlar huquqlarini himoya qilish masalasini ko‘tardi. Haqiqatdan ham, dunyoning turli davlatlarida yashayotgan turk xalqining eng katta himoyachisi Turkiy Davlatlar Tashkiloti va tashkilotga a’zo davlatlar bo‘lishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammiti muvaffaqiyatli yakunlandi va sammitda Turk tilida so‘zlashuvchi respublikalarning kelajagiga oid muhim qarorlar imzolandi.

 



Aloqador xabarlar