O’zbekistondan xabarlar-04

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan oʼtkaziladigan koʼrik-tanlovlar...

1824930
O’zbekistondan xabarlar-04

 

Joriy yilning 7 may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʼmitasi tomonidan Senat tashabbusi bilan oʼtkaziladigan koʼrik-tanlovlar boʼyicha seminar tashkil etildi.

Unda Oʼzbekiston Respublikasi xalq deputatlari mahalliy Kengashlar kotibiyatlari mudirlari, tegishli komissiya aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, hokimliklarning yoshlar masalalari boʼyicha hokim oʼrinbosarlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Senat tomonidan oʼtkazilayotgan Rais kubogi uchun “Parlament oʼyinlari” sport musobaqasi hamda “Mahalla – besh tashabbus beshigi” respublika koʼrik-tanlovini tashkil etish va oʼtkazish masalalari muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, 2021 yili oʼtkazilgan “Parlament oʼyinlari” sport musobaqasi yuqori saviyada tashkil etilib, sportning minifutbol, voleybol, badminton va stol tennisi boʼyicha besh ming nafarga yaqin xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillari ishtirok etishgan.

“Mahalla – besh tashabbus beshigi” respublika koʼrik-tanlovining tuman va shaharlar bosqichida 1 035 ta, hududiy bosqichida esa 207 ta mahalla ishtirok etib, 62 500 nafardan ortiq yoshlarni qamrab olgani, final bosqichida esa 14 ta hududdan bittadan yoʼllanmani qoʼlga kiritgan mahallalarning 300 nafardan ortiq yoshlari ishtirok etgani, gʼolib mahallaga Prezident sovgʼasi “Damas” avtomobili sovgʼa qilingani taʼkidlandi. Shuningdek, har ikkala tanlov yurtdoshlarda katta qiziqish uygʼotganini inobatga olib, ularni har yili anʼanaviy tarzda oʼtkazib borish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.

Seminar davomida ushbu tanlovlarni oʼtkazish jarayonida ayrim kamchliklarga yoʼl qoʼyilgani ham bildirildi. Xususan, tanlovlarning hududiy bosqichlari oʼz vaqtida oʼtkazilmagani, ushbu bosqich gʼoliblarini taqdirlash ishlari yetarlicha tashkil etilmagani, tanlovga doir hujjatlar talab darajasida taqdim qilinmagani kabi masalalar taʼkidlab oʼtildi.

Ushbu muammolarni bu yil takrorlamaslik yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar masʼullariga tegishli tavsiyalar berildi.

Seminardan soʼng Senat huzuridagi Yoshlar parlamentining tashkiliy masalasi ham koʼrib chiqildi. Jumladan, yangi nomzodlar koʼrib chiqilib, muhokamadan keyin Yoshlar parlamenti yangi aʼzolari tasdiqlandi.



Aloqador xabarlar