Yevrosiyo kun tartibi-34

Dasturimizning bugungi sonida Albaniya Bosh vazirining Ozarbayjonga uyushtirgan tashrifi haqida so‘z qilamiz.

1815312
Yevrosiyo kun tartibi-34

Albaniya Bosh vaziri Edi Rama 2022-yil 14-15-aprel kunlari rasmiy tashrif bilan Ozarbayjon Respublikasida bo‘ldi. Tashrifining birinchi kuni yani, 14-aprelda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Albaniya Bosh vaziri Edi Rama uchrashuv o‘tkazdi.  Bu uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy masalalar, ayniqsa energetika sohasidagi hamkorlik muhokama qilindi. Edi Rama Ozarbayjonni, adolatni va Ozarbayjonning tarixiy huquqlarini har doim qo‘llab-quvvatlaganliklarini bildirib, Ozarbayjonning qo‘shni Armaniston bilan tinch va uzoq muddatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan harakatlarini olqishlaganliklarini ta’kidladi. Albaniya Bosh vaziri, Turkiyaning Albaniya va Ozarbayjon o‘rtasidagi muhim ko‘prik ekanini ham o‘z so‘ziga ilova etdi. Uchrashuv yakunida Albaniya Bosh vaziri Prezident Ilhom Aliyevni o‘z yurtiga taklif qildi.

Shu kuni Albaniya Bosh vaziri Rama, tashrifi doirasida Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov va parlament spikeri Sohiba Gafarova bilan ham alohida-alohida uchrashdi. Asadov bilan Rama savdo-iqtisodiy, energetika va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalasini muhokama qildilar. Ma’lumki, 2021-yili Albaniya va Ozarbayjon o‘rtasidagi qo‘shma savdo hajmi 4,9 million dollarni tashkil qilgan. Ikki mamlakat parlamentlararo do‘stlik guruhlari o‘z faoliyatlarini davom ettirmoqda.

Bosh vazir Edi Rama Bokuda, Shahidlar xiyobonini ham ziyorat qildi.

Albaniya Bosh vaziri Edi Rama, kelasi yili Ozarbayjon bilan ikki tomonlama aloqalar o‘rnatilganining 30-yilligini nishonlashlarini va bir hafta davomida Albaniyada Ozarbayjon kunlari o‘tkazilishini, o‘zaro elchixonalarning ochilishining ham muhim ekanini bildirdi. Ma’lumki, Ozarbayjonning Afinadagi elchisi bir vaqtning o‘zida Tiran elchisi sifatida ham faoliyat yuritadi. O‘zaro elchixona binolarining ochilishi har ikki tomon uchun ham strategik jihatdan foydali bo‘ladi.

Yevropa davlatlarining Rossiya tabiiy gaziga qaramliligini kamaytirish sa’y-harakatlari kun tartibida o‘z o‘rnini saqlab qolar ekan, Ozarbayjon tabiiy gazining Bolqon davlatlariga eksportini oshirish yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Garchi, Yevropa davlatlari quyosh va shamol kabi qayta tiklanadigan energiyaga e’tibor qaratmoqchi bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida bunga erishish murakkab. Shu bois Kaspiy energiya resurslarini Janubiy tabiiy gaz yo‘lagi orqali G‘arbga eksport qilish bundan buyon ham kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘lishni davom etadi. Ba’zi ekspertlar ta’kidlaganidek, Albaniya bu nuqtai nazardan Bolqon davlatlaridagi muhim tranzit mamlakatga aylanishi mumkin. Chunki Albaniya, Janubiy tabiiy gaz koridorining davomi, Trans-Adriatik tabiiy gaz quvurining muhim yurtidir. Bundan tashqari, Tirana yetakchiligida energiya sohasida Sharq va G‘arb o‘rtasida muhim tranzit o‘lka bo‘lgan Turkiya bilan ham mustahkam aloqalarga ega. Kaspiy energiya manbalarining G‘arbga bo‘lgan eksportini oshirish maqsadida Turkmaniston-Ozarbayjon-Turkiya Prezidentlari o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan sammit katta ahamiyatga ega. Ma’lumki, Ozarbayjon va Turkmaniston Kaspiy dengizidagi energiya resurslarini bo‘lishish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Albaniya va Ozarbayjon Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti kabi koʻplab xalqaro tashkilotlarda hamkorlikni rivojlantirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Albaniya Bosh vaziri Edi Ramaning Ozarbayjonga tashrifi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni, xususan, Kavkaz-Bolqon mintaqasini rivojlantirish nuqtai nazaridan samarali o‘tdi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Ozarbayjon , #Albaniya , #Ilhom Aliyev , #Edi Rama

Aloqador xabarlar