Yevrosiyo kun tartibi-29

Dasturimizning bugungi sonida II Antaliya Diplomatiya forumining Yevrosiyo mintaqasidagi muammolarni hal qilisha qo‘shgan hissalari haqida soʻz qilamiz.

1797243
Yevrosiyo kun tartibi-29

2022-yilning 11-13-mart kunlari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an himoyasida, Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu mezbonligida II Antaliya Diplomatiya forumi uyushtirildi. “Diplomatiyani qayta qurish” shiori ostida oʻtkazilgan ushbu forumda 75 nafar davlat va hukumat rahbari bilan 80 nafar vazir, 39 nafar Xalqaro tashkilot vakili jami dunyoning 75 davlatidan 2500 kishi ishtirok etdi. Forumni 585 nafar milliy va xalqaro OAV vakillari kuzatdi.

Forumda Yevrosiyo geografiyasidan Afg‘oniston, Qozog‘iston va Ukrainaning sobiq prezidentlari, Gagauz avtonom viloyati Prezidenti, Ozarbayjon vitse-prezidenti, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Armaniston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Rossiya, Tojikiston va Ukraina tashqi ishlar vazirlari, Turk Davlatlari Tashkiloti, TURKSOY, Xalqaro Turk akademiyasi, Turk Madaniyati va merosi fondi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarning bosh kotiblari, elchilar, deputatlar shuningdek, akademiklar ishtirok etdilar. Ukraina Bosh vaziri Denis Shmixal, forumda videokonferentsiya orqali ma’ruza oʻqidi.

II Antaliya Diplomatiya forumida Ukrainadagi urush, Janubiy Kavkazning kelajagi va Afgʻonistondagi vaziyat kabi Yevrosiyo mintaqasiga tegishli mavzular muhokama qilindi. Rossiya va Ukraina tashqi ishlar vazirlari Ukrainada 24-fevral kuni boshlagan urushdan beri birinchi marotaba Antaliyada yuzma-yuz uchrashdilar. Forum doirasida 2022-yil 10-mart kuni Turkiya-Ukraina-Rossiya tashqi ishlar vazirlarining uch tomonli yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu orqali Turkiya, urushayotgan tomonlarning tashqi aloqalar vazirlarini uchrashtirish orqali muhim diplomatik muvaffaqiyatga imzo chekdi. Vazirlar o‘rtasidagi muzokaralarning huddi mana shu formatda davom etishi kutilmoqda.

Turkiyaning Antaliya Diplomatiya forumi orqali Rossiya bilan Ukraina tashqi ishlar vazirlarini uchrashtirishi, Anqaraning har ikki davlat bilan aloqalarini davom ettirishi va shunga oʻxshash qadamlari Yevrosiyoda tinchlikni oʻrnatish maqsadida Rossiya va Ukraina rahbarlarining uchrashuv oʻtkazishi uchun qanchalik kuch sarf etayotganini yaqqol oʻrtaga qoʻymoqda.  Shunday ekan Rossiya-Ukraina urushida otasheksim uchun muzokaralar oʻtkazish masalasida eng toʻgʻri manzil Turkiya desak adashmaymiz.

Armanistondan Turkiyaga yuqori darajadagi tashrif 2008-yildan beri birinchi marotaba Forum munosabati bilan amalga oshirildi. Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan 12-mart kuni Antaliyada Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu bilan uchrashdi. Vazirlar ikki davlat oʻrtasida to‘liq normallashish va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini oʻrnatish jarayonini qoʻllab-quvvatlashlarini maʼlum qildilar.

Forumda Janubiy Kavkazda tinchlik va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlaydigan muhim o‘zgarishlar haqida bayonotlar berildi. Ozarbayjon vitse-prezidenti Hikmet Hajiyev Bokuni Naxchivonga bog‘lovchi yangi yo‘lakning bunyod etilishi uchun Tehron yetakchiligi bilan kelishib olganliklarini qayd etdi.

Xulosa qilib aytganda, har yili uyushtirilgan Antaliya Diplomatiya Forumi Yevrosiyo mintaqasidagi muammolarni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qo‘shgan hissasi orqali, qanchalik muhim platforma ekanini forumdagi o‘zgarishlar bilan yaqqol isbotladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.



Aloqador xabarlar