O'zbekistondan xabarlar 15-qism

O‘zbekiston – Qozog‘iston: ittifoqchilik munosabatlari abadiy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

1744828
O'zbekistondan xabarlar 15-qism

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 5-6 dekabr kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 6 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kuni Nur-Sulton shahridagi "Otan korg‘aushilar" ("Vatan himoyachilari”) monumentiga gul qo‘ydi.

Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev faxriy qorovul oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.

So‘ng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Samimiyat va ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvda yetakchilar ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qozog‘iston sherikligiga doir keng ko‘lamli masalalarni, shu jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni ko‘rib chiqdilar, xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Turkiston shahrida Bosh vazirlar raisligida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va Hududlar forumi o‘tdi. Kuni kecha Qozog‘iston poytaxtida qo‘shma biznes-forum muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar natijasida jami 6 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolandi.

Keyingi yillarda qo‘shma korxonalar soni 6 barobarga oshdi. Kostanayda avtomobil, avtobus va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Turkiston va Chimkentda zamonaviy to‘qimachilik va maishiy texnika korxonalari ishga tushirildi. O‘zbekistonda qozog‘istonlik hamkorlar bilan birgalikda energetika, sanoat, kimyo, oziq-ovqat tarmoqlari, qurilish sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Pandemiya davrida birodar xalqlar bir-biriga yordam berib keldilar.

Gumanitar sohadagi hamkorlik faol rivojlanmoqda. Qayta tiklangan Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Qozoq kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shu hafta Qozog‘iston poytaxtida O‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlari o‘z samarasini ko‘rsatdi. Ochiq va ishonchli muloqot uchun noyob maydon shakllandi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston BMT, MDH, SHHT, IHT, Turkiy tilli davlatlar tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

Yetakchilar mintaqa va xalqaro kun tartibining tomonlarni qiziqtirgan dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Uchrashuvda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishi qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligini yanada mustahkamlashning istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat berildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Ikki mamlakat yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etishga kelishib oldilar.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”, ustuvor yo‘nalishlari va muhim vazifalari belgilab olindi.

Tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qurilish sohalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli loyihalar ko‘p. Endilikda qurilish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalarda yangi yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Xususan, kuni kecha ishbilarmon doiralar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda umumiy qiymati ikki milliard dollardan ziyod istiqbolli investitsiya loyihalari tayyorlandi.

Bu boradagi sa’y-harakatlarga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlash maqsadida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma xalqaro markaz tashkil etiladi.

Hududlararo aloqalar hamkorlikni kengaytirishda drayver bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, yaqinda o‘tgan Hududlar forumi natijasida qator kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.

Ikki mamlakatning chegaraoldi hududlariga o‘zaro mahsulot yetkazib berish va yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga topshiriq berildi.

Transport sohasi muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi. Avtomobilda va temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘liq tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochildi.

O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan yangi yo‘laklarni shakllantirish muhim ekanini qayd etdi. Yetakchilar “Uchquduq – Qizilo‘rda” temir va avtomobil yo‘lini hamda “Turkiston – Chimkent – Toshkent” yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘l qurilishi loyihalarini jadallashtirishga kelishib oldilar.

Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv g‘oyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida ish olib borishga kelishib oldilar.

Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Qozog‘iston Prezidenti qardosh xalqlarning ma’naviy yaqinligi va ko‘p asrlik do‘stligi ramzi sifatida Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatilishini ta’kidladi.

Samarali muzokaralardan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdilar. Hujjatda qardosh xalqlarning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan.

Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliardga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasidir. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan. Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.

Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qizilo‘rda viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari qabul qilindi.

Umuman, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi.

O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi doirasida Nur-Sulton shahrida O’zbekiston elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘ldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev ramziy lentani kesib, yangi binoni tantanali ravishda ochdilar.

Ikki mamlakatning davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar elchixonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Zamonaviy bino o’zbek quruvchilar tomonidan barpo etilgan. Xonalar milliy uslubda bezatilgan.

Diplomatik vakolatxona hududida asosiy bino, konsullik bo‘limi, xodimlar uchun uy, diplomatik missiya rahbarining qarorgohi, bolalar va sport maydonchalari joylashgan.

Muzokara xonalari, anjumanlar zalida barcha sharoit mavjud. Elchixonaning o‘z kutubxonasi ham bor.

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev elchixonaning Faxriy mehmonlar kitobiga o’zining dil izhorlarini yozib qoldirdilar.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi yakunlandi.

 



Aloqador xabarlar