O'zbekistondan xabarlar 85-qism

Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi.

1701493
O'zbekistondan xabarlar 85-qism

 

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, suhbat avvalida Yevrokengash Prezidenti davlat rahbari va O‘zbek xalqini O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi. Respublikada amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yevroittifoq hamkorligining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonga “Preferensiyalar bosh tizimi plyus” benefitsiari maqomi taqdim etilgani ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro savdo hajmini oshirish va YEI mamlakatlarining yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalarini ilgari surishga, shuningdek, moliyaviy-texnik ko‘mak dasturini kengaytirishga xizmat qilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi sammitning kun tartibini ishlab chiqish, shu jumladan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tuzishga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Afg‘onistondagi ahvolning keskinlashishi ta’sirida mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan ham fikr almashildi. Yevrokengash Prezidenti fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha insonparvarlik operatsiyalarini o‘tkazishda ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak uchun O‘zbekiston yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Bundan tashqari, joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya hamda avgust oyi boshida Turkmanistonda o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlari uchinchi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari yuksak baholandi.

 

O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlari telefon orqali ko‘p qirrali sheriklik istiqbollarini muhokama qildilar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida Germaniya Prezidenti davlat rahbari va O‘zbekiston xalqini O'zbekiston mustaqillikka erishganining 30 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Keyingi yillarda yurtimizda demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar alohida qayd etildi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotning davomi sifatida ikki tomonlama hamkorlik masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi. Ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi darajasiga yuksak baho berilib, istiqboldagi O‘zbekiston-Germaniya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

O‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish, ishbilarmonlik tashabbuslarini, Germaniyaning Siemens, Bosch, Man, Claas, Knauf va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniyalari ishtirokida yuqori texnologik tarmoqlardagi sanoat kooperatsiyasi loyihalari va infratuzilmani modernizatsiya qilish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Prezidentlar o'zbek maktablari va oliy taʼlim muassasalarida nemis tilini chuqur o‘rganish masalalariga alohida to‘xtaldilar. O‘zaro gumanitar almashinuvlarni bundan buyon ham faol davom ettirishga kelishib olindi.

Mirziyoyev Federal Prezidentga respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan texnik-maslahat ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Frank-Valter Shtaynmayer fuqarolarning O‘zbekiston orqali tranzit yo‘li bilan evakuatsiya qilinishida ko‘rsatilgan katta yordam uchun yana bir bor tashakkur izhor etdi. Birgalikdagi insonparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish uchun yaqin aloqalarni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

O‘zbekiston va Germaniya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti o‘zaro anglashuv ruhida va do‘stona muhitda o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, 17-avgust kuni ikki davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya munosabatlarini yana-da rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgandi hamda mintaqaviy hamkorlikning eng muhim jihatlari muhokama qilingan edi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston mustaqilligining 30 yilligini munosib  nishonlash arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston mustaqilligining 30 yilligini munosib  nishonlash arafasida davlat tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig‘i sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan 215 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilganlarning 3 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 127 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 73 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Boshqacha aytganda, 142 nafar mahkum jazo muassasasidan chiqib, oilasi bag‘riga qaytadi. Yana bir kishining jazosi ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan. Afv etilgan fuqarolardan 14 nafari – ayollar, 12 nafari – 60 yoshdan oshgan shaxslar, 69 nafari – xorij fuqarolari, 15 nafari – taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan shaxslar.

Afv etilgan shaxslar oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytib, ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishida ularga ko‘mak berish bo‘yicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

Ta’kidlash joizki, bu – joriy yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan uchinchi afv hisoblanadi. Bungacha Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti arafasida 100 nafar, Navro‘z bayrami arafasida 140 mahkumni afv etgandi.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Yaponiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bilan ikki tomonlama masalalar va Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat bo‘yicha fikr almashdi.

Kuni kecha O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Satoshi Nakanishini qabul qildi.

Vazir suhbat avvalida Yaponiya tomonini murakkab pandemiya davrida Tokioda yozgi Olimpiya o‘yinlarining muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazishda katta omad tiladi.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida o‘zaro manfaatli sohalarda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya strategik sherikchiligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

 Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

 Asosiy xalqaro va mintaqaviy masalalar, xususan, Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

Bo‘lajak ikki tomonlama hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da faollashtirish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma birgalikda chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar