O'zbekistondan xabarlar 68-qism

Joriy yilning 1-may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov telefon orqali muloqot qildilar.

1633759
O'zbekistondan xabarlar 68-qism

 

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari telefon orqali muloqotda qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyatning rivojlanishini muhokama qildilar.

1 may kuni  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov telefon orqali muloqot qildilar.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, suhbat chog’ida kuni kecha o‘tgan muloqotlar davomi sifatida ikki davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi mojarolarni muhokama qildilar.

O‘z vaqtida ko‘rilgan va o‘zaro muvofiqlashgan sa’y-harakatlar tufayli davlat chegarasi qismidagi vaziyatni barqarorlashtirishga erishilgani va uning keskinlashishiga yo‘l qo‘yilmagani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston yetakchilari Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha masalalarni birodar mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqot orqali birgalikda hal qilish borasida qat’iy ekanliklarini yana bir bor ta’kidladilar.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilgandi. 

Prezidentlar Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qilgandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga ko‘ra, joriy yilning 1 may kuni Hindistonning Dehli shahriga insonparvarlik yordami yetkazildi.

Mobil kislorod konsentratorlari to‘plamlari va turli dori vositalaridan tashkil topgan insonparvarlik yordami Dehli aeroportida O’zbekistonning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov tomonidan kutib olindi. Ushbu beg’araz insonparvarlik yordami Hindistondagi Qizil Xoch jamiyati va Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakillariga topshirildi.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Yevroosiyo Departamenti direktori o‘rinbosari Bandaru Vilsonbabu Hindistondagi joriy sanitar-epidemiologik holat keskin og‘irlashgan bir vaqtda O‘zbekiston Rahbariyati tomonidan birinchilardan bo‘lib insonparvarlik yordamini yuborish haqida qaror qabul qilingani O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida faol hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga sodiq ekanini namoyish etish bilan birga O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi mavjud strategik sherikchilik aloqalarining amaldagi yaqqol isboti ekanini eʼtirof etdi.

“Bugun do‘st va birodar O‘zbekiston hukumati tomonidan jo‘natilgan insonparvarlik yuklarini qabul qilib olmoqdamiz. O‘zbekiston va Hindiston azal-azaldan yaqin qo‘shni, sinalgan do‘st va hamkor davlatlar hisoblanadi. Mamlakatlarimiz anʼanaviy ravishda turli masalalarda bir birini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan va bugun o‘zbekistonlik do‘stlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami xalqlarimizning samimiy do‘stligi, bir-biriga bo‘lgan ishonchi va hurmatidan dalolat beradi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyati va hukumatiga ushbu murakkab va og‘ir damlarda hind xalqiga ko‘rsatilgan oliyjanob ko‘mak uchun samimiy minnatdorligimizni bildiramiz”,- dedi Hindiston vakili.

Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi Hindiston hukumati o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan bu og‘ir damda favqulodda yordam sifatida yuborilgan materiallarni samimiy xayrixohlik belgisi o‘rnida qadrlashini maʼlum qildi. Pandemiya inqirozi davrida gumanitar hamkorlik Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida taʼkidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston 2020 yilda O‘zbekistonga COVID-19 bilan og‘rigan odamlarni davolash uchun ishlatiladigan tibbiy preparatlar, jumladan, gidro ksiklorokin tabletkalari va boshqa dori-darmonlar yuborgan edi. 2021 yilning mart oyida O‘zbekiston COVAX tashabbusi doirasida Hindiston zardob instituti tomonidan ishlab chiqarilgan 660 ming doza vaksinani qabul qilib oldi.

1 may kuni O‘zbekiston tomonidan yetkazib berilgan insonparvarlik yordami Hindistonning qator yetakchi ommaviy axborot vositalarida, xususan “Times of India”, “ANINews”, “ZeeNews” va boshqa nashrlarda keng yoritildi.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha, 2 may kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bilan muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi mojaroni hal qilishning hozirgi holati va istiqbollari, mazkur jarayonga ko‘maklashish mexanizmlari muhokama qilindi.

AQSH maxsus vakili O‘zbekiston tomonining Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan har tomonlama ko‘magini yuqori baholadi.

Tomonlar tinch, barqaror va suveren Afg‘onistondan umumiy manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi. Mazkur mamlakatda uzoq yillik urushga yakun yasaydigan har tomonlama siyosiy kelishuvga erishish uchun manfaatdor tomonlarning qo‘llab-quvvatlashining dolzarbligi va muhimligi qayd etildi.

Mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilish imkoni yo‘qligi to‘g‘risida umumiy xulosaga kelindi. O‘zbekiston va AQSH afg‘onlararo muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashga va mintaqaviy savdoni rivojlantirishga, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga hamda Afg‘onistonning mintaqaviy jarayonlarga integratsiyasini tezlashtiradigan tashabbuslar ustida birgalikda ishlashga kelishib oldi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH maxsus vakili Zalmay Xalilzod va AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining (DFC) Bosh ijrochi direktori Adam Boyler 2020-yilning 29-iyun – 1-iyul kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazgandi. O‘tkazilgan muloqotlarda Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida iqtisodiy, transport va kommunikatsiya aloqalarini kengaytirishga hissa qo‘shadigan qator loyihalarni moliyalashtirish uchun AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi mablag‘larini jalb etish yuzasidan o‘zaro fikr almashilgan.

 

O‘zbekiston Prezidenti “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi.

Hujjatda O’zbekistonda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kunini keng nishonlash, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xotirasini abadiylashtirish, mamlakatdagi barcha faxriylarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish vazifalari belgilandi.

Unga ko‘ra, 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi va ularni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tasdiqlandi.

9 may – Xotira va Qadrlash kuni dasturida nazarda tutilgan tadbirlar “Xotira bor ekan – millat barhayot”, “Eʼtibor va g‘amxo‘rlik – insoniy burch” shiorlari ostida o‘tkaziladi.

Shuningdek, yolg‘iz va kam taʼminlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joyi va uylari taʼmirlanadi.

Qarorga ko‘ra, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga tibbiy va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy bilimlarga ega xodimlarni biriktirgan holda doimiy ravishda patronaj xizmati yo‘lga qo‘yiladi va  ular respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yuboriladi.

Hududlarda hokimliklar tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirishi nazarda tutilgan.

Toshkent shahrida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida, viloyatlarda “Vatanparvarlar” bog‘larida bayram tadbirlari tashkil etiladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, bayram tadbirlari hamda mamlakatning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari vakillarining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy marosimlarga  kelib-ketishi tegishli mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

Bundan tashqari, 2021 yil 9 may soat 21:00 da Toshkent shahrida Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram salyuti tashkil etiladi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar