O'zbekistondan xabarlar 66-qism

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning shu kunlarda O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Bakudagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ma’lum qildi.

1628101
O'zbekistondan xabarlar 66-qism

 

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning shu kunlarda O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurishi kutilmoqda.

Bu haqda O‘zbekistonning Bakudagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ma’lum qildi.

“Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Hozirda hujjatlar to‘plamini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va mazmunli ishlash uchun ikki-uch yillik ish rejasi ishlab chiqilmoqda”, -deydi elchi Ashrafxanov.

Diplomat shuningdek, Ozarbayjon va O‘zbekiston tomonlarining hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha barcha takliflari “yo‘l xaritasi”ga kiritilishini ta’kidlagan, lekin tashrifning aniq sanasini ma’lum qilmagan.

Qolaversa, Ashrafxanov Ozarbayjon kompaniyalarini O‘zbekistonda joriy yilning 18-20 may kunlari bo‘lib o‘tadigan 24-xalqaro neft va gaz ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.

Eslatish joizki, 2020 yilning 15-16 aprel kunlari Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat vitse-prezidenti – Birinchi xonim Mehribon Aliyeva bilan O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejelashtirilgandi. Biroq, koronavirus pandemiyasi sababli O‘zbekistonga tashrif keyinga qoldirildi. Prezident Ilhom Aliyev tashrif epidemiologik vaziyat imkon bergan zahoti amalga oshishini ta’kidlagandi.

Shuningdek, o‘tgan yilning aprel oyida Toshkent shahri Mirobod tumanida ozarbayjon xalqining umummilliy lideri, Ozarbayjon Respublikasining uchinchi Prezidenti Haydar Aliyev nomidagi umumiy maydoni 0,51 gektar bo‘lgan bog‘ barpo etilayotgani xabar qilingan.

Bog‘ni ikki davlat Prezidentlari ochib berishi rejalashtirilgandi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 7-sammitida ishtirok etish uchun Ozarbayjonning Baku shahriga borib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Ushbu uchrashuvda Mirziyoyev Aliyevni O‘zbekistonga taklif qilgandi.

Ma’lumotga ko’ra, 2019 yil 26 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonda Yil odami deya e’tirof etildi.

Bu Ilhom Aliyevning oxirgi 10 yillikda O‘zbekistonga amalga oshirayotgan ilk tashrifi hisoblanadi. Aliyev oxirgi marta O‘zbekistonga 2010 yil 27 sentyabrda tashrif buyurgan.

 

 

O’zbekistonda kecha, 18 apreldan e’tiboran karantin qoidalariga amal qilinishining nazorati yanada kuchaytirildi.

Bu haqda O’zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokidagi respublika maxsus komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, bog‘cha va maktablarda kasallanish holati aniqlansa, ularning faoliyatini zudlik bilan to‘xtashish va 2 haftaga karantinga olish belgilandi. Ushbu vaqt mobaynida ular onlayn tartibda faoliyat yuritadi.

Yirik savdo majmualari va bozorlarda, do‘konlarda karantin qoidalariga qat’iy amal qilinishi, jumladan, qo‘llarni antitseptik vositalari bilan zararsizlantirish, odamlarning tibbiy niqob taqishi, ijtimoiy masofa saqlashi qat’iy nazorat qilinadi.

Ayni Ramazon oyida taroveh namozlarini ochiq hududlarda ado etish, iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki 100 kishidan oshmagan holatda o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

1 maydan boshlab, konsert tomosha tadbirlarini yopiq maskanlarda o‘tkazish kabi qator cheklovlar belgilandi.

Bundan tashqari, yigʻilishda O’zbekistonda koronavirusga qarshi emlash jarayonlari haqida maʼlumot berildi. Shu kungacha Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 400 mingdan oshdi.

Aprel oyi oxirigacha yana bir million dozadan ziyod vaksina olib kelinishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston olimlari ham vaksina ishlab chiqarish boʻyicha jiddiy izlanish olib bormoqda.

 

 

O‘zbekiston - Turkiya: kommunal sohada hamkorlik qilmoqchi.

O’zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Turkiyaning “Apsiyon” kompaniyasi bilan boshqaruv kompaniyalari va shirkatlar faoliyatiga oid muzokaralar o’tkazdi.

Ikkala mamlakatda olib borilayotgan faoliyatlar taqqoslangan holda sohaga doir muammolar, kamchilik va yutuqlar o‘zaro tahlil qilinib, soha rivoji yo‘lida aniq takliflar shakllantirilmoqda.

Xususan, kuni kecha turkiyalik ekspertlar Toshkent viloyatining Angren shahridagi Dukkent qo‘rg‘onida bo‘lib, u yerdagi ko‘p xonadonli uylar holati va aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganishdi.

Ma’lumotga ko’ra, O’zbekistonda jami 37 402 ta ko‘p xonadonli uylar mavjud bo‘lib, ularga 4 203 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari va 249 ta boshqaruv tashkilotlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

 

 

Shvetsiyada O’zbekistonning diplomatik vakolatxonasi ochiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shvetsiyada O‘zbekistonning to‘laqonli diplomatik vakolatxonasini tashkil etish to‘g‘risida qarorni imzoladi.  

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuni kecha O‘zbekistonga tashrif buyurgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.

Qayd etilishicha, Shvetsiyada O‘zbekistonning diplomatik missiyasini tashkil etish mamlakatlar o‘rtasidagi va umuman skandinav davlatlar bilan hamkorlikning mavjud salohiyati va keng imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.

Shvetsiya tashqi ishlar vaziri samimiy qabul va ochiq suhbat uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirgan.

Ann Linde O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosatni yuqori baholab, qo‘llab-quvvatlagan.

 

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar