O'zbekistondan xabarlar 63-qism

30-Mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida oliy darajadagi O‘zbekiston-Vengriya muzokaralari bo'lib o'tdi.

1613264
O'zbekistondan xabarlar 63-qism

 

Davlat rahbari Matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev mehmonni mamlakatga tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi davrni boshlab berishini ta’kidladi.

Viktor Orban O’zbekistonga kelganidan mamnunligini bildirib, Vengriya O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Muzokarada siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston – Vengriya munosabatlarini o‘zaro ishonch va keng doiradagi umumiy manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga tayyor ekanini tasdiqladi. Uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli yangi sohalarni ishga solish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha qarashlar va yondashuvlar umumiy ekani tasdiqlandi.

 

O‘zbekiston va Vengriya rahbarlari Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlariga oid Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi.

Davlat rahbarining Matbuot xizmatiga ko‘ra, shuningdek, tashrif doirasida ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Ular Hududlararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar idoralari o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi, Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, Atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik to‘g‘risida, Innovatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari, Madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik sohalaridagi hamkorlik rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, Suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitimlardir.

Marosimda ikki mamlakat vazirliklari rahbarlari imzolangan hujjatlarni almashdi.

Tashrif doirasida O‘zbekistonda Debretsen universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda Vengriya bilan munosabatlar faol rivojlanib, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

– Bugun ochiq va amaliy ruhda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildik. Birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratdik. So‘nggi to‘rt yilda tovar ayirboshlashni deyarli uch barobarga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichni kelgusida bir necha barobarga oshirish niyatidamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani aytildi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi samarali o‘tgani, ko‘plab bitim va shartnomalar imzolangani qayd etildi.

Ikki mamlakatning barcha hududlarini faol jalb etgan holda, har yili Mintaqalar forumini o‘tkazishga qaror qilingani ta’kidlandi.

Bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston Prezidenti sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini qayd etdi.

– Vengriya bilan O‘zbekiston hamkorligiga asos bor edi. Lekin biz savdo aylanmasini juda past darajadan boshlagan edik. Oqilona siyosat va qat’iyat evaziga tovar ayirboshlashda o‘sishga erishilmoqda. Prezident Mirziyoyevning tashabbuslari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari ochilmoqda. Bir nechta “flagman” loyihalar samarali amalga oshirilgani uchun ishbilarmonlar erkinlik va ishonchni his etib, harakat qilmoqda, – dedi Viktor Orban.

Shuningdek, mehmon o‘tgan yili koronavirus bilan bog‘liq qiyin epidemiologik vaziyatda Vengriyaga ko‘rsatgan yordami uchun xalqimizga minnatdorlik izhor etdi.

Xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha ikki mamlakatning qarash va yondashuvlari o‘xshash hamda yaqin ekani yana bir bor e’tirof etildi. Vengriya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish rejalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Fan, madaniyat va sport sohalaridagi aloqalarni faollashtirishga ham kelishib olingani ma’lum qilindi.

O‘zbek olimi Isoq Ibrohim vengriyalik mashhur Herman Vamberining do‘sti va shogirdi bo‘lgan, salkam o‘ttiz yil Budapeshtda yashab, ilmiy faoliyat olib borgan. U mashhur venger yozuvchisi Yanosh Aronning “Ajoyib ohuning hikoyati” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ushbu asar yaqinda davlatimiz rahbarining so‘zboshisi bilan Toshkentda nashr etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zbek va venger xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlikning yorqin ifodasi bo‘lgan ushbu kitobni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanga taqdim etdi.

 

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ertaga, 30 mart kuni “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” muloqotining to‘qqizinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etish uchun Tojikistonning Dushanbe shahriga tashrif buyuradi.

 

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, forumda Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam berish maqsadida xavfsizlikni ta’minlash hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Konferensiya “Tinchlik va taraqqiyot uchun konsensusni mustahkamlash” mavzusi ostida bo‘lib o‘tadi. Forum Tojikiston Prezidenti va Dushanbega rasmiy tashrif bilan kelgan Afg‘oniston Prezidentining ochilish ma’ruzasi bilan boshlanishi rejalashtirilgan.

Konferensiyada 15 ta ishtirokchi davlatning tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, 16 ta donor mamlakat vakillari va virtual formatda 16 ta mintaqaviy va xalqaro tashkilot rahbarlari ishtirok etadi.

Konferensiya yakunida Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.

 

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chon Iy Yon bilan telefon orqali muloqot qildi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, Abdulaziz Komilov Chon Iy Yonni Koreya Respublikasi tashqi siyosat idorasi rahbari etib tayinlangani bilan tabriklab, yangi lavozimdagi faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.

Vazirlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Janubiy Koreya strategik sherikligining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishga tomonlarning tayyorligi e’tirof etildi.

2021 yilning 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Mun Chje Inning onlayn-sammiti yakunlari yuqori baholandi. Shu nuqtayi nazardan ikki davlat rahbarlarining kelishuvlarini amalga oshirishning muhimligi ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion munosabatlar, o‘zaro savdo hajmlarini oshirish orqali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda Janubiy Koreya investorlari va moliya tuzilmalari ishtirokida loyihalarni ro‘yobga chiqarishni davom ettirish masalalarining ustuvor ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Turli darajadagi bo‘lib o‘tadigan qo‘shma tadbirlarning jadvali va kun tartibi ko‘rib chiqildi.

Vazirlar xalqaro va minqataviy masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bu borada tomonlarning yondashuv va mavqelari o‘xshashligini ta’kidladi.

Suhbat yakunida O‘zbekiston TIV rahbari hamkasbini joriy yil iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyaga taklif qildi.

  

 

JSST Bosh direktori O‘zbekiston Prezidentiga maktub yo‘lladi

O‘zbekiston Respublikasi PrezidentiShavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!

2020 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks loyihasini Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) taqdim etganingiz uchun Sizga minnatdorchilik bildirish sharafiga muyassarman.

COVID-19 pandemiyasi butun dunyo bo‘ylab hamjamiyatlar va mamlakatlarga talafot yetkazishda davom etmoqda. O‘tkir xalqaro inqirozga duch kelib, men favqulodda global yetakchilik va birdamlikka, imkon qadar keng doiradagi sheriklarni birlashtirishga, ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarni ishga solish va hech kimning orqada qolib kelmasligini ta’minlashga chaqirdim. Salkam bir yilda biz ilm-fan, vaksinalarni ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash amaliyotidagi misli ko‘rilmagan yutuqlar, jamoatchilikni safarbar qilish va siyosiy sobitqadamlik tufayli kuchli yetakchilikka erishishning imkoni borligini ko‘rdik.

Pandemiya sog‘liqni saqlash tizimlarimiz zaif ekanini ko‘rsatdi, tibbiy va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirdi hamda sog‘liqni saqlash iqtisodiy taraqqiyot va xavfsizlikda markaziy o‘rin egallashini namoyish etdi. Pandemiyani nazoratga olib, tiklanishga investitsiya yo‘naltirayotgan ekanmiz, kelajakka ham tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim. Bunday vaziyat yana takrorlanishiga yo‘l qo‘yolmaymiz.

Janobi Oliylari, Xalqaro kodeks loyihasini ishlab chiqish masalasida uzoqni ko‘zlaganingiz va bu jarayonda yetakchilik qilganingiz uchun Sizdan minnatdorman. Biz hujjatni diqqat bilan o‘rganib chiqdik. Unda qo‘yilgan vazifalarning ko‘lami va taklif etilgan amaliy yechimlar menda katta taassurot qoldirdi. Kodeks loyihasi taqdim etilgani o‘z vaqtida qabul qilingan qaror bo‘ldi.

O‘tgan yili biz pandemiyadan ko‘p saboq chiqardik va endilikda kelajakka nazar tashlashimiz kerak. Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining COVID-19ga qarshi choralar bo‘yicha rezolyutsiyasiga muvofiq men 2020 yil sentyabr oyida ish boshlagan Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarining (2005 yil) amal qilishini o‘rganish Qo‘mitasini chaqirdim hamda Pandemiyaga shaylikni ta’minlash va javob choralari bo‘yicha Mustaqil guruhni ta’sis etdim.

Bundan tashqari, a’zo davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan jarayon doirasida Xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalariga qo‘shimchalar kiritish maqsadida pandemiyaga shaylik va javob choralari to‘g‘risida global hadli konvensiyani ishlab chiqish imkoniyati yuzasidan munozaralar davom etmoqda. Mazkur masala 2021 yil 18 mart kuni o‘tgan JSSTning tashkilotga a’zo davlatlar uchun mo‘ljallangan axborot sessiyasida muhokama qilindi, bu ko‘plab mamlakatlarda qiziqish uyg‘otdi va keyingi muhokamalar uchun qadam bo‘lib xizmat qildi.

Barchaning o’z kelajagiga sarmoya kiritish, barqaror va ishonchli sog‘liqni saqlash tizimlarini barpo etish hamda sog‘liqni saqlash sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday inqirozlarga shay turishga tayyorgarlik ko‘rish vaqti keldi. Janobi Oliylari, siyosiy yetakchiligingiz tufayli Sizning bu boradagi ishtirokingiz hal qiluvchi ahamiyatga ega. Siz taqdim etgan Xalqaro kodeks loyihasi pandemiyani o‘rganish bo‘yicha amaldagi jarayonlarga va pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha har qanday bo‘lajak xalqaro hujjatni rejalashtirishga bevosita bog‘liq. Siz ushbu sa’y-harakatlarda shaxsan ishtirok etishda davom etishingizga umid qilaman.

Janobi Oliylari, COVID-19 pandemiyasini oldini olish va barchaning sog‘lom va xavfsiz kelajagini ta’minlash ishiga sodiqligingiz uchun Sizga yana bir bor tashakkur bildiraman. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti jamoat salomatligi sohasidagi ushbu global favqulodda vaziyatda Siz bilan hamjihatdir.

Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromimni qabul qilgaysiz.

Eng ezgu tilaklar va minnatdorlik bilan

 

 

“The Korea Post” gazetasi “Abdulla Oripov - oʻzbek adabiyotini yangi bosqichga koʻtargan noyob isteʼdod egasi edi” sarlavhali maqola chop etdi.

Janubiy Koreyaning “The Korea Post” gazetasi rasmiy veb-sahifasida Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri, atoqli jamoat arbobi Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bagʻishlangan “Abdulla Oripov - oʻzbek adabiyotini yangi bosqichga koʻtargan noyob isteʼdod egasi edi” sarlavhali maqola chop etdi.

Materialda zamonaviy oʻzbek adabiyotining zabardast vakili — Abdulla Oripov hayoti va ijodi haqida soʻz yuritilgan.

Muallif Kevin Li qayd etishicha, Abdulla Oripovning betakror ijodiy merosini oʻrganar ekansiz, uning sheʼrlarida olijanob insoniy fazilatlar madh etilganiga guvoh boʻlish mumkin. “U nafaqat shoir va jamoat arbobi, balki Pushkin, Dante, Nizomiy Ganjaviy, Shevchenko kabi oʻnlab taniqli ijodkorlarning asarlarini oʻz ona tiliga mahorat bilan tarjima qilgan buyuk tarjimon hamdir”, deb yozadi u.

Materialda, shuningdek, Oʻzbekiston Prezidentining xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilingani, unda oʻzbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adibning betakror ijodiy merosi, sermazmun hayoti va ijodiy faoliyatini keng targʻib qilish belgilangani qayd etilgan.

“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov ijodi zamonaviy oʻzbek adabiyotining yorqin sahifalaridan birini namoyon etadi”, deyiladi maqolada.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, xorij matbuotida, xususan Koreya Respublikasi ommaviy axborot vositalarida Abdulla Oripov ijodiga oid turkum maqolalar chop etilmoqda. Bu oʻzbek adabiyoti namunalari, xususan, Abdulla Oripov sheʼriyati dunyoning turli mintaqalariga yetib borganidan va keng oʻrganilayotganidan dalolat beradi.

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar