O'zbekistondan xabarlar 62-qism

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

1610070
O'zbekistondan xabarlar 62-qism

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida o’zbek xalqiga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 140 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 4 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 69 nafari jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 8 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 59 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 12 nafarini chet el fuqarosi, 9 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar, 13 nafarini ayol hamda 14 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

O‘zbekistonning Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)da istiqomat qilib kelayotgan vatandoshlar ishtirokida Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan onlayn shaklda “davra suhbati” o‘tkazildi.

Anjumanda BAAning turli yirik korxonalarida mehnat faoliyatini olib borayotgan va oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan O’zbekiston fuqarolari faol ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Birlashgan faol vatandoshlar vakili Alisher Alixon Navro‘z ayyomiga bag‘ishlangan video-taqdimotni yig‘ilganlar e’tiboriga havola etdi. Unda ishtirokchilar Navro‘z bayramini nishonlashning asosiy jihatlari, ushbu bahor bayramining kelib chiqish tarixi, O’zbekistonning barcha go‘shalarida o‘tkaziladigan xalq sayillari, milliy o‘yinlar, folklor jamoalarining konsert dasturlari, o’zbek xalqining boy urf-odatlari va qadriyatlari haqida qiziqarli ma’lumotga ega bo‘ldi.

Shuningdek, Bosh konsulxona xodimlari tomonidan tadbir qatnashchilariga O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarida erishilgan yutuqlar haqida batafsil axborot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi ta’lim, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi uchun vatandoshlarga minnatdorlik bildirildi.

“Davra suhbati” qatnashchilari Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘zlarining samimiy tabrik va tilaklarini izhor etdi.

 

Bahor va yangilanish bayrami – Navro‘z ayyomi tantanalari doirasida O’zbekistonning Dehli shahridagi elchixonasida o‘zbek milliy taomlari taqdimoti tashkil etildi.

Madaniy tadbirda Dehli shahrida akkreditasiyadan o‘tgan xorijiy mamlakatlar elchixonalari, Hindiston keng jamoatchiligi vakillari, O‘zbekistonning Hindistondagi turizm va madaniyat elchisi Ritu Beri qatnashdi.

Mehmonlarga Navro‘z bayramining tarixi, uning O‘zbekiston hududlarida nishonlanishining o‘ziga xos jihatlari haqida so‘zlab berildi, O‘zbekiston madaniyati va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish qilindi. Bu borada qiziqarli ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan nashrlar taqdim etildi.

Anjuman dasturxoniga an'anaviy o‘zbek milliy oshxonasi namunalari, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara, sumalak kabi bahor taomlari, milliy shirinlik va qandolatchilik mahsulotlari tortildi.

 

Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasida Tailand hududida istiqomat qilayotgan vatandoshlar, ijtimoiy-gumanitar, jamoat tashkilotlari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida Navro‘z bayrami nishonlandi.

Tadbirda Navro‘z bayramining tarixi, mustaqillik yillarida uning mavqeini qayta tiklash va yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etildi.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan konstruktiv ichki va tashqi siyosat natijasida bugungi kunda Navro‘z ruhi va falsafasi Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarda tobora ko‘proq aks etayotganligi ta’kidlandi.

Bayram mehmonlari Navro‘z ayyomini nishonlashning asosiy jihatlari, bahor va yangilanish bayrami urf-odatlari bilan tanishish hamda o‘zbekona bahoriy taomlardan bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir qatnashchilari Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Toshkent shahrida o‘tkazilgan bayram shodiyonasini bevosita efir orqali tomosha qildi.

 

Turkiya Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar Navro’z bayrami munosabati bilan O’zbekiston xalqiga tabrik yo’lladi.

“Otayurtimiz O’zbekistondagi aziz qardoshlarim,

Yangi bir yil boshlanayotganining, qish tugab bahor fasli kirib kelganining va tabiat uyg’onib yangilanayotganining timsoli bo’lgan qadim Navro’z bayrami bilan barchangizni eng samimiy tilaklarim bilan muborakbod etaman.

Ergenekon dostonida po’lat tog’lar oshib o’tilgan kun sifatida qayd qilingan Navro’z bayrami Markaziy Osiyodan Bolqon bo’yi kengliklariga qadar bo’lgan bepoyon hududdagi butun turkiy olamning mushtarak qadriyatidir. Navro’z bayramimizning katta shodiyona bilan nishonlanishi xalqlarimiz o’rtasidagi do’stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlagani kabi, umumiy qadriyatlarimizning kelgusi avlodlarga yetkazilishiga ham xizmat qiladi.

Bu yilgi Navro’z ayyomini afsuslar bo’lsinkim, koronavirus pandemiyasi sababli kamtarona tarzda nishonlamoqdamiz.  Bu davrning vaqtincha ekanligini bilgan holda, bahor bilan birga yuz ochgan Navro’z chechaklarining xushbo’y isidan to’yib-to’yib bahramand bo’ladigan kunlarga juda yaqinda hammamiz birgalikda yetishishimizga chin ko’ngildan ishonaman. Umid qilaman ki, yangi yil darakchisi Navro’z bayrami butun dunyoni o’z domiga olgan pandemiya oqibatida kelgan barcha qiyinchiliklarni  daf qilib, jumlai olamga sog’lik, osoyishtalik va mo’l-ko’lchilik, rizq-baraka keltiradi.

Do’stlik, mehr-muhabbat va birdamlik tuyg’ulari jo’sh uradigan, doshqozonlarda barokat elshisi sumalaklar qaynaydigan, butun insoniyatga tinchlik-xotirjamlik va baxt keltiradigan Navro’zlarimiz ko’p bo’lsin! Navro’z ayyomingiz muborak!

 

Navro‘z bayrami munosabati bilan turli davlatlardan O’zbekistonga samimiy tilaklar yo‘llanmoqda.

Jumladan, Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi prezidenti Akkan Suver “Dunyo”  AAga intervyuda quyidagilarni taʼkidladi:

- Har yili bahor boshlanishi bilan mamlakatlarimizda Navro‘z ruhi hukmronlik qiladi va menga ushbu tadbirni o‘zbek do‘stlarim bilan nishonlash mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Birgalikda tashkil etiladigan bayram tadbirlarida qatnashadigan turkiyaliklar o‘zbek xalqining qadimiy tarixi, bebaho  merosi, maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlarini ifodalagan tantanalardan katta taassurot oladi.

Navro‘z bayrami mening vatandoshlarimni mamlakatingizning noyob madaniyati va urf-odatlari bilan tanishtirishga hissa qo‘shmoqda. Biz o‘zbek xalqini chin dildan sevamiz va qadrlaymiz, mushtarak madaniy-maʼrifiy  ildizlarga ega xalqlarimiz bir-birini to‘la anglaydi, deb hisoblayman.

Navro‘z — Sharq xalqlarini birlashtirgan bayram.  Uning yorqinligi va ko‘lami, ayniqsa, O‘zbekistonda, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ko‘plab buyuk mutafakkir va olimlarning vatanida keng nishonlanadi.

Biz bilamizki, serhosil O‘zbekiston zaminida yashovchi har bir inson, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, Navro‘zni ko‘tarinki ruh va katta ishtiyoq bilan kutib oladi.

Insonparvarlik ruhi va g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ushbu bayram  har bir inson  qalbiga yaqin va qadrli.

Bugun O‘zbekistonda Navro‘z katta tantanalar bilan nishonlanmoqda. Davlatning mamlakatda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlari tufayli o‘zbek xalqi tabiat uyg‘onishini tinch-osoyishta va bayramona muhitda kutib olmoqda.

Uyg‘onish va yangilanish bayrami - Navro‘z ayyomi bilan O‘zbekiston xalqiga o‘zimning samimiy tabriklarimni yetkazishga ijozat bergaysiz. Sizga muvaffaqiyatlar, farovonlik, tinchlik va osoyishtalik tilayman.

Har bir kuningiz  Navro‘z bo‘lsin!



Aloqador xabarlar