O'zbekistondan xabarlar 59-qism

Dushanbe shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan qabul qilindi.

1590084
O'zbekistondan xabarlar 59-qism

 

Dushanbe shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tomonidan qabul qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga yo‘llagan maktubini topshirdi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining dolzarb masalalari, oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi.

Markaziy Osiyodagi davlatlaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tovarlar eksportini kengaytirish, yangi transport koridorlarini yo‘lga qo‘yish va mintaqaviy bozorlarni o‘zlashtirish imkoniyatlari batafsil muhokama qilindi.

Uchrashuvda oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvali, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri 16-18 Fevral kunlari Turkmaniston va Qozog‘istonda bo‘lib, mazkur davlat rahbarlari bilan uchrashdi va tashqi siyosat mahkamalarida muzokaralar o‘tkazdi.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Qozog‘iston Prezidenti bilan uchrashdi.

Nur-Sulton shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan qabul qilindi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qilishicha, vazir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga yo‘llagan maktubini topshirdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.

Tashqi savdo aylanmasi ko‘rsatkichlarini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlari va hududlarning o‘zaro aloqalarini jadallashtirish, madaniy-gumanitar tadbirlarni tashkillashtirishga yo‘naltirilgan qo‘shma dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyat, mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha shakllanayotgan imkoniyatlar, shuningdek, yangi istiqbolli bozorlarga birgalikda kirish bo‘yicha rejalar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri  Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab amaliy tashrifi davomida 16-17 fevral kunlari Turmanistonda bo‘ldi. Tashrif davomida vazir Turkmaniston TIVda muzokaralar o‘tkazdi va Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov qabulida bo‘ldi.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Nur-Sulton shahrida o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda ko‘p qirrali o‘zaro hamkorlikning asosiy jihatlarini va turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar jadvalini muhokama qildi.

Nur-Sulton shahriga  amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirishning asosiy jihatlari muhokama qilindi, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan rejalar belgilab olindi.

Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar jadvali to‘g‘risida fikr almashildi. Tomonlarning savdo-iqtisodiy va transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni rivojlantirish va chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Vazirlar Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyat hamda mintaqaviy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash borasida erishilgan yutuqlarni muhokama qildilar. Infratuzilmaviy va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali dunyoning boshqa mintaqalari bilan hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Qozog‘iston tomoni joriy yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.

 

Markaziy Osiyo xalqaro institutida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyo Xalqaro institutida (MOXI) BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazining (MOPDMM) O‘zbekistondagi vakili Nodir Xudoyberganov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Institut Telegram-kanali maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida MOXI direktori Anvar Nosirov suhbatdoshga mazkur xalqaro tadqiqot muassasasining asosiy vazifalari va faoliyati to‘g‘risida maʼlumot berdi.

O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona va konstruktiv munosabatlarni mustahkamlash, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash ekani alohida taʼkidlandi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani, uning maqsad va vazifalari haqida maʼlum qilindi.

Nodir Xudoyberganov MOXI maqsadlari MOPDMM  faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga mos kelishi va ikki tuzilma aloqalari umumiy vazifalarni bajarishga ko‘mak berishini bildirdi.

Tomonlar MOXI va MOPDMM o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mintaqadagi barcha mamlakatlarning umumiy manfaatlariga javob beradigan qo‘shma tadbirlar o‘tkazishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar