O'zbekistondan xabarlar 58-qism

O‘zbekiston va Afg‘oniston Prezidentlari telefon orqali muloqotda transafg‘on transport yo‘lagini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlash muhimligini taʼkidladilar va hamkorlikning boshqa masalalarini muhokama qildilar.

1587781
O'zbekistondan xabarlar 58-qism

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qilishicha, ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident Ashraf G‘ani ShavkatMirziyoyevga Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, ushbu mamlakat iqtisodiyotini tiklash masalalarida ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun birodar Afg‘oniston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston hamda yetakchi xalqaro moliyaviy institutlarning yuqori darajadagi vakillari ishtirokida o‘tgan Transafg‘on transport yo‘lagini qurish loyihasini ilgari surish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli bo‘lganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Ushbu loyihani amalga oshirishni, shu jumladan texnik hujjatlarni tayyorlashni va qurilish ishlarini boshlash muhim ekani taʼkidlandi.

Prezidentlar saʼy-harakatlarni birlashtirib, yangi «Surxon – Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini barpo etish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar. Shu maqsadda rejalashtirilgan ishlarning bajaralishini muvofiqlashtirishning ikki tomonlama mexanizmi yaratiladi, uning doirasida har oy videoanjumanlar o‘tkazib boriladi.

Shuningdek, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarini, shu jumladan neft-gaz tarmog‘ida, taʼlim sohasida, texnik ixtisosliklar bo‘yicha malakali Afg‘onistonlik kadrlarni tayyorlash borasida kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab joriy yil Mart oyida Hirot shahrida o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlar va muloqotlar rejasi yuzasidan ham fikr almashildi.

Prezidentlar «Yo‘l xaritasi» va ustuvor investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish va samarali ilgari surish maqsadida qo‘shma hukumat guruhini shakllantirish topshirig‘ini berdilar.

O‘zbekiston va Afg‘oniston yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tdi.

 

2021 yil Xalqaro Turkiy akademiya tomonidan “Alisher Navoiy yili” deb eʼlon qilindi.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlashga doir vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Xalqaro Turkiy akademiya (XTA) hamkorligida “Alisher Navoiy – Sharqning yorqin yulduzi” mavzusida ilmiy-amaliy onlayn-anjuman o‘tkazildi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi parlamenti deputati Faxriddin Karatayev, Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti Darxan Qidirali, Qozog‘iston davlat mukofoti laureati Nesipbek Aytuli, shuningdek, O‘zbekiston, AQSH, Turkiya, Ozarbayjon va Qirg‘izistondan navoiyshunos olimlar, shoirlar va ziyolilar ishtirok etdi.

D.Qidirali 2021 yil XTA tomonidan “Alisher Navoiy yili” deb belgilangani va bugungi tadbir ushbu yilning “ochilish debochasi” ekanini qayd etdi. Joriy yil Navoiy asarlarini barcha Turkiy tillarga o‘girishga grant ajratilishi haqida to‘xtalib, karantin cheklovlari tugagandan so‘ng, YUNESKO bilan hamkorlikda katta tadbirlar rejalashtirilayotganligini maʼlum qildi.

Tadbirda taniqli qozoq shoiri, Alisher Navoiyning “Layli va Majnun” va “Saddi Iskandariy” dostonlarini qozoq tiliga tarjima qilgan N.Aytuli “Alisher Navoiy - Turkiy xalqlar sheʼriyatining otasi” deya baho berib, uning asarlari har bir Turkiy davlatda doimo mutolaa qilinishi zarurligini ta'kidladi.  U ayni paytda Navoiyning «Lison ut-tayr» («Qushlar tili») dostonini Qozoq tiliga o‘girish ishlari bilan shug‘ullanayotganini maʼlum qildi.

Yevroosiyo yozuvchilar uyushmasining raisi, Turkiyalik yozuvchi Yakub Omeroglu so‘zga chiqib, Alisher Navoiy meʼrosi – Turkiy xalqlar adabiyotining negizini tashkil etishini taʼkidlab, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish choralari ko‘rilayotganini quvonarli hol, dedi.

Boku milliy universiteti (Ozarbayjon) professori Ramiz Asker “O‘zbekiston – jannatmonand yurt, u nafaqat boy tarix va madaniyatga ega, balki Alisher Navoiydek buyuk daholari ham bor”, - deb qayd qildi.

Anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari so‘zga chiqdi. Xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov hozirgi kunda O‘zbekistonda Alisher Navoiy meʼrosini o‘rganish yangi bosqichga ko‘tarilgani, xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda ilmiy-amaliy tadbirlar o‘tkazilayotganini maʼlum qildi. Navoiy o‘z asarlarida Turkiy ulusni ulug‘ maqomda ekanini amalda isbotlab bergani, shu bois buyuk ajdodimizning ijodi Turkiy xalqlar adabiyotida muhim o‘rin tutishini alohida taʼkidladi.

Elchixona ish rejasiga muvofiq, Qozog‘istonda Alisher Navoiyning 580 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar yil mobaynida davom etadi.

 

Turkiy Kengash bosh kotibi Turkiya Superkubogini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini bildirdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov  Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash) bosh kotibi Bagdad Amreyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

O‘FA maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuvda Turkiy Kengashga aʼzo mamlakatlarda sportni, xususan futbolni rivojlantirish va ommalashtirish, terma jamoalar hamda klublar o‘rtasida xalqaro musobaqalar tashkil etish, futbol tashkilotlari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari keng muhokama qilindi.

Suhbat davomida O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Turkiy Kengash aʼzo mamlakatlari o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini taʼkidlab, sport barcha xalqlarni birlashtirib, madaniyatlar uyg‘unligiga xizmat qiladigan muhim omil ekanini eʼtirof etdi.

Bagdad Amreyev tashkilotga aʼzo mamlakatlarning Milliy hamda turli yosh toifalardagi futbol terma jamoalari o‘rtasida xalqaro musobaqalarni o‘tkazish imkoniyati mavjud ekanini bildirib, bunday bellashuvlar Turkiy xalqlar o‘rtasida nafaqat futbolni, balki o‘zaro qardoshlik aloqalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi mumkinligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, Bagdad Amreyev Turkiya Superkubogini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha Turkiy Kengash muzokaralar olib borib, tashkilot homiyligida mazkur bahsni yurtimizda bo‘lib o‘tishini taʼminlash yuzasidan o‘z taklifini berdi.

O‘z navbatida, Ravshan Ermatov Turkiy Kengash bosh kotibiga tashrif va samimiy suhbat uchun minnatdorchilik izhor etdi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yuqorida tilga olingan takliflar yuzasidan o‘zaro hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

 

O‘zbekistonda saylovlar oktyabr oyida o‘tkaziladi.

«Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi.

O‘zgartirishga ko‘ra, Prezident saylovi, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar  ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – Oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi (ilgari dekabr oyida  edi).

Shuningdek, saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari tumanlar va shahar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalari esa tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan tuziladi (ilgari saylov uchastkalari tuman va shaharlar hokimliklari taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuzilgan).

Endilikda Xalq deputatlari tuman, shahar (bundan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi mustasno) Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tuzilmaydi.

Hujjat bilan chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatlariga kiritish tartibi belgilandi.

O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning ro‘yxati mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuziladi.

Tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda turgan fuqarolarni saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor qiladi.

Chet davlatlarda turgan fuqarolar o‘zlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda O‘zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

 O‘zbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari:

- chet davlatlarda turgan fuqarolarning ularni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risidagi murojaatida ko‘rsatilgan shaxsga doir maʼlumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi;

- saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.

Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim etadi.

O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Turkiy kengash doirasida bo‘lib o‘tadigan oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar jadvalini muhokama qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov  Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) Bosh kotibi Bag‘dat Amreyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston va Turkiy kengash o‘rtasida tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Turkiy kengashga kirishi Turkiy dunyo birligini mustahkamlashda tarixiy voqea bo‘lgani va o‘zaro manfaatli sheriklikning ilgari foydalanilmagan imkoniyatlarini ochishga hissa qo‘shgani qayd etildi.

Turkiy kengash doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 2019 va 2020 yillarda Tashkilot sammitlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishning muhimligi alohida taʼkidlandi.

Tashkilot doirasida bo‘lib o‘tadigan oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar jadvali, jumladan O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan turizm vazirlari, yoshlar va sport masalari bo‘yicha vazirlar uchrashuvlari, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar yosh tadbirkorlari forumi to‘g‘risida fikr almashildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiy kengash o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarga oid boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

O‘zbekiston 2019 yil 14 Oktyabr kuni 2009 yil 3 Oktyabrdagi Turkiy kengash (TDHK) tuzish haqidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish orqali Turkiya Kengashining to‘liq aʼzosi bo‘ldi.

2019 yil 15 Oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Boku (Ozarbayjon) shahrida bo‘lib o‘tgan 7-Turkiy kengash sammitida ishtirok etdi.

 

Turkiy Kengash delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy Kengash) bosh kotibi Bag‘dod Amreyev boshchiligidagi delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi.

Tashrif doirasida Turkiy Kengash bosh kotibining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi, Tashqi ishlar vazirligi, Qishloq ho‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Futbol assotsiatsiyasi kabi idora hamda tashkilotlarning rahbarlari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tishi nazarda tutilgan.

Uchrashuvlar davomida Turkiy Kengash doirasidagi ko‘pqirrali hamkorlik istiqbollari va umumiy manfaatga ega boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

 

Turkiya olimlari Alisher Navoiy ijodiy merosining bebaho ahamiyatini qayd etdi.

Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi arafasida  O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish va anglashga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy onlayn-tadbir tashkil etildi.

Mazkur badiiy kechalardan biri Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Istanbul universiteti va Istanbul tijorat instituti bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Onlayn-tadbirda Alisher Navoiy nafaqat O‘zbek adabiyoti, qolaversa, Turkiy dunyo va jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan benazir hissasi haqida aytib o‘tildi. Shu bilan birga O‘zbekiston Prezidentining 4 fevraldagi qarori bilan Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil qilingani, fondning asosiy maqsadi Alisher Navoiy hayoti, g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga yo‘naltirilgani taʼkidlandi.

Anjumanda Istanbul tijorat instituti rektori, professor Yusel Ogurlu O‘zbek tilida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov sheʼridan iqtibos keltirdi va uni  izohladi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva Alisher Navoiyning O‘zbek tili va adabiyotida rivoji, mavqei, buyuk alloma merosining maʼnaviy hayotimizdagi ahamiyati haqida aytib o‘tdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda  tashkil etilayotgan Navoiyxonlik kechalariga urg‘u berib, ajdodlarimiz merosini targ‘ib etish borasida qilinayotgan ishlar va vazifalar  xususida to‘xtaldi.

Vebinarning asosiy bosqichi ilmiy-maʼrifiy shaklda bo‘lib o‘tdi. Unda Istanbul madaniyat universiteti professori Vahit Turk, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Ahmadjon Qurbonbekov, Istanbul universiteti dotsenti Reyile Kashgarli va boshqalar Navoiy merosining Turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlar madaniyati va tarixida tutgan o‘rni haqida fikr yuritdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiyatsisi ko‘magida Turkiyadagi O‘zbek talabalari ishtirokida Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan «Ajdodlar izidan» deb nomlangan anjuman tashkil qildi.

 Onlayn-konferensiyada O‘zbek va Turk tilshunos va adabiyotshunoslari  Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat O‘zbek va Turkiy tilli xalqlar adabiyoti rivojida, balki jahon adabiyoti taraqqiyotida muhim  mavqega ega ekani haqida ilmiy maʼruzalar qilishdi. 

 Maʼruzachilar, shuningdek, Turkiyada Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida tadqiqotlar olib borilayotgani, uning asarlari nashrga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini bildirdi.

Anjuman doirasida Navoiy ijodi haqidagi videorolik namoyish etildi, shoir g‘azallaridan namunalar o‘qildi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar