O'zbekistonda xabarlar 3-qism

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni Amerika-O'zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemmni qabul qildi.

664468
O'zbekistonda xabarlar 3-qism

 

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 fevral kuni Amerika-O'zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemmni qabul qildi.

Bu xaqida O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, Amerika Qo'shma Shtatlarining etakchi kompaniyalari vakillaridan iborat navbatdagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi ikki davlat o'rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bo'lgan qiziqish va intilishlar ortib borayotganidan dalolat berishini ta'kidladi.

Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalar, ayniqsa iqtisodiy hamkorlikning yangi mexanizmlarini yaratish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.

Tomonlar, shuningdek, agrosanoat kompleksi, elektrotexnika, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarida Amerika Qo'shma Shtatlarining etakchi tashkilot va kompaniyalari tajribasi, to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalari va zamonaviy texnologik yutuqlari asosida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarni muhokama qildi.

Xalqaro standartlarga muvofiq yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo'yicha uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.

Kerolin Lemm samimiy qabul hamda ikki davlat biznes doiralari o'rtasida sheriklik munosabatlarini qo'llab-quvvatlash, shuningdek, Amerika Qo'shma Shtatlari kompaniyalarining O'zbekiston bozorida muvaffaqiyatli faoliyat yuritishiga yaratilayotgan sharoitlar uchun O'zbekiston rahbariga minnatdorlik izhor qildi.

Yigirma yildan ko'proq vaqt avval tashkil etilgan Amerika - O'zbekiston savdo palatasi bugun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo'shma dastur hamda loyihalarni qo'llab-quvvatlash va amalga oshirishga xizmat qilib kelmoqda.

Orolbo'yi aholisining yashash sharoiti yaxshilanadi.

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "2017-2021 yillarda Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to'g'risida"gi qarori qabul qilindi.

Dasturdan maqsad Orolbo'yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish bo'yicha investitsiya loyihalarini o'z vaqtida va samarali ro'yobga chiqarishga yo'naltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirishdir.

Hujjatda ko'rsatilishicha, 2017 yilning 1 fevralidan Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan bolalarning maktabgacha ta'lim muassasalaridagi, ayrim fanlar chuqur o'rgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi ta'minoti uchun, musiqa va san'at maktablaridagi mashg'ulotlar uchun ota-onalarning har oylik to'lovi miqdorlari, shuningdek, aholining madaniyat va dam olish markazlaridagi to'lov miqdorlari respublika bo'yicha belgilanganidan 2 baravar kam darajada o'rnatiladi.

Bundan tashqari, 2017 yilning 1 fevralidan boshlab Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga, birinchi navbatda, yolg'iz fuqarolar, pensionerlarga, boquvchisi nogiron oilalarga hamda boshqa kam ta'minlangan toifadagi aholi va oilalarga qishloq fuqarolar yig'inlarining komissiyalari qaroriga binoan tayinlanadigan eng kam ish haqining 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda bir marta beriladigan moddiy yordam shaklidagi ijtimoiy nafaqaning yangi turi joriy etiladi.

Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisi uchun temir yo'l va aviayo'lovchilar chiptalarini sotish maxsus imtiyozli tariflar bo'yicha amalga oshiriladi.

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o'tgan xaftada Afg'onistonda bir qator yuqori darajadagi uchrashuvlar o'tkazdi, uchrashuvlar doirasida O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida ba'zi o'zaro manfaatli shartnomalar imzolandi.

O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg'onistonga tashrifi doirasida, prezident Ashraf G'ani bilan ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Komilov shuningdek Afg'oniston prezidentiga O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O'zbekistonga rasmiy tashrif buyurish taklifi bitilgan shaxsiy maktubini topshirdi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni turli yo'nalishlarda rivojlantirish, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalarini muhokama etishdi.

Komilov Afg'onistonga tashrifi chog'ida shuningdek, Afg'oniston hukumatining ijrochi raisi Abdullo Abdullo bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va investitsiya sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi.

Komilovning tashrif dasturiga ko'ra, Afg'oniston prezidentining iqtisodiy masalalar bo'yicha katta maslahatchisi Ҳumoyun Qayumiy, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha prezidentning maxsus vakili Shokir Korgar, Afg'oniston tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan ham uchrashuvlar o'tkazildi.

Tashrif doirasida qisqa muddat ichida O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasidagi tashqi savdo aylanmasi ko'rsatkichlarini 1,5 milliard AQSh dollariga etkazish imkonini beradigan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy "Yo'l xaritasi" imzolandi.

Shuningdek, tomonlar o'rtasida transport infratuzilmasi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish to'g'risidagi Protokol, Xavfsizlik masalalari bo'yicha Qo'shma komissiya tuzish to'g'risidagi Protokol, O'zaro anglashuv to'g'risida vazirliklararo memorandum, Narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda hamkorlik to'g'risida ichki ishlar vazirliklari o'rtasida Bitim imzolandi.      

O'zbekistonlik gimnastikachilar sirk "Oskar"iga sazovor bo'lishdi.

Kristianna Vorobyova va Rustem Osmanovlardan iborat O'zbekistonlik havo gimnastikachilari duet Monakodagi xalqaro sirk festivalida "Oltin masxaraboz" oliy mukofotini qo'lga kiritishdi.

Monte-Karloda bu yil 41. bor o'tkazilgan xalqaro sirk san'ati festivali yakunlandi.

O'zbekistonlik Kristianna Vorobyova va Rustem Osmanovlardan iborat "Sky Angels" deb nomlanuvchi duet festivalda a'lo darajada ishtirok etdi va sirk "Oskari" deb ataluvchi "Oltin masxaraboz" mukofotiga sazovor bo'ldi.

O'zbekistonlik gimnastikachilar shuningdek, eng yaxshi musiqiy chiqish yo'nalishida ham maxsus mukofotni qo'lga kiritdi.

Dunyodagi eng yirik sirk festivali hisoblanadigan Monte-Karlodagi xalqaro tsirk festivaliga bu yil 16 mamlakatdan 120dan ortiq artist ishtirok etdi.

Monako qirolichasi Stefaniya raisligi ostida tashkil etilgan festival g'oliblarini ham qirolicha o'zi e'lon qildi.

Toshkent xalqaro aeroportiga Islom Karimov nomi beriladi.

25 yanvarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O'zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish to'g'risida"gi qarorni imzoladi.

Mustaqil O'zbekistonning asoschisi, buyuk davlat arbobi, o'zbek xalqining buyuk o'g'loni Islom Karimov o'zining ko'p qirrali siyosiy faoliyati, insoniy fazilatlari bilan O'zbekistonning ko'p asrlik tarixida o'chmas iz qoldirganligi tilga olingan qarorning, xalqimizning samimiy tilaklari va xohish-irodasidan kelib chiqib, Vatan mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo'lidagi buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, O'zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish maqsadida qabul qilinganligi takidlandi.

Qarorga muvofiq, O'zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nomi Toshkent davlat texnika universitetiga, Asaka shahridagi avtomobil zavodiga, Farg'ona shahridagi San'at saroyiga, Toshkent xalqaro aeroportiga, Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi markaziy ko'chalarga beriladi.

Bundan tashqari qarorda, Vazirlar Mahkamasiga oliy o'quv yurtlari talabalari uchun Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasini joriy etish, Islom Karimovning hayoti va faoliyati haqida ilmiy va badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar yaratish, Islom Karimov siymosi aks ettirilgan maxsus pochta markalarini chiqarish chora-tadbirlarini ko'rish to'g'risida ham topshiriq berilgan.

Qarorda, shuningdek har yili O'zbekiston Birinchi Prezidenti İslom Karimov tavallud topgan sana – 30 yanvar kunini keng nishonlash, İslom karimov vafot etgan 2-sentyabr kunini esa Xotira kuni sifatida yod etish xam belgilandi.

    



Aloqador xabarlar