Turkiyaning madaniy xazinalari 45-qism

Turkiya Respublikasining asoschisi ulug’ dohiy Mustafo Kamol Otaturkning mavzoleyi joylashgan Anitkabir haqida ma’lumot...

604605
Turkiyaning madaniy xazinalari 45-qism

 

Turkiya Respublikasining asoschisi ulug’ dohiy Mustafo Kamol Otaturkning mavzoleyi joylashgan Anitkabir haqida ma’lumot beramiz.

Otaturk 1938-yili vafoti oldidan “Mening eng buyuk asarim Respublikadir” degan holda turk xalqiga qoldirgan ulkan merosiga ishora qilgan edi. Respublikaning asoschisi ulug’ dohiy Mustafo Kamol Otaturk 1938 yilning 10 noyabr kuni Istanbuldagi Dolmabahche saroyida vafot etdi. U buyuk janglari, mehnatlari, inqiloblari bilan insho etgan zamonaviy Turkiya Respublikasini turk millatiga omonat qilib qoldirdi. Uning vafoti butun mamlakat bo’ylab katta-yu kichik insonlarni qayg’uga cho’mdi.

Dolmabahche saroyiga qo’yilgan Otaturkning tobuti oldidan turk xalqi birin-ketin o’tib, ko’z yosh to’kdi.

Eslatib o’tish joizki, 1-Jahon urushida mag’lub bo’lgan Usmoniy Imperatorligi Sevr shartnomasi bilan cho’kish ostonasiga yetib keladi. Poytaxt Istanbul, Izmir va Anadoluning bir qancha territoriyasi g’olib kuchlar tomonidan ishg’ol qilinayotgan edi.  Ushbu qorong’u kunlarda milliy kurashda g’olib bo’lgan Otaturk yosh respublikani tuzishga muvaffaq bo’ladi. U vafotiga qadar turk xalqiga porloq kelajak barpo etish uchun bor kuchi bilan g’ayrat ko’rsatdi.

1938 yili Otaturkning tobuti Istanbuldan poytaxt Ankaraga olib kelinib, Etnografiya muzeyida qurilgan o’tkinchi qabriga dafn qilindi. Uzoq izlanuvlardan keyin Anittepa respublikaga asos solgan ulug’ dohiyga yarashadigan shaklda qabr qurish uchun tanlandi.

Anittepaning oldingi nomi Rasadtepa edi. Chunki, u yerda bir necha eski bino Rasadxona sifatida foydalanilar edi.  Anittepada Otaturkka atab xashamatli mavzoley qurish uchun loyiha tanlovi e’lon qilindi. Prof.Dr Emin Onat va Dotsent Orhan Ardaning Otaturk mavzoleyi loyihalari tanlovda g’olib deb topildi. Kunimizda Otaturk mavzoleyi joylashgan Anitkabir ularning asari hisoblanadi.

1943 yili qurila boshlangan Anitkabir 1953 yili bitkaziladi. Otaturkning tobuti katta marosimlar bilan Etnografiya muzeyidan olinib, abadiy mavzoleyiga dafn qilinadi. Ankara xalqi ushbu dafn marosimida ham Otaturkka bo’lgan hurmatini bajo keltiradi va ko’z-yosh to’kadi.

3000 metr kvadratlik maydonda Otaturk mavzoleyi va Ozodlik urushi hamda inqiloblardan qolgan asarlar namoyish qilingan xashamatli kompleksga aylangan Anitkabir muzeyi kunimizda mahalliy va xorijlik sayyohlar, davlat arboblarining ziyoratgohiga aylangan.

Milliy bayramlarda, rasmiy kunlarda davlat arboblari avvalo Anitkabirni ziyorat qiladi va Otaturk mavzoleyi oldida hurmat bajo keltiradi. Bu Turkiyada an’anaga aylangan. Poytaxt Ankaraga kelgan xorijlik davlat arboblari ham avvalo hurmat ma’nosida Anitkabirni ziyorat qiladi va Otaturk poyiga gulchambar qo’yadi. Hamda xotira daftariga o’z his-tuyg’ularini, tilaklarini yozib imzolaydi.

 Anitkabir Ozodlik urushi va uning lideri Mustafo Kamol Otaturkka hurmat maqsadida barpo etilgan muhim madaniy asarlardan biri hisoblanadi. 

Anitkabirda Otaturkning hayoti va bosib o’tgan yo’lini anglatuvchi tarixiy eksponatlar, shaxsiy ashyolari, kiygan kiyimlari, urushda ishlatgan qurollari, xorijlik davlat arboblarining Otaturkka bergan sovg’alari namoyish qilinadi. 1960 yillarga kelib, muzey tarkibida Otaturk portretlari va Otaturk znachoklari kabi sovg’a ashyolari sotila boshladi.

Anitkabirga kelgan insonlar ushbu do’konchadan estalik uchun sovg’a harid qilishlari mumkin. 

Har yili Anitkabirga minglab talabalar keladi. Ankaraning deyarli har tomonidan ko’rinib turgan xashamatli Anitkabir poytaxt manzarasiga husn qo’shib turadi.

Anitkabirda ulug’ dohiyning turk xalqi ko’nglida hamon taxt qurib turganiga yaqqol guvoh bo’lish mumkin.

Ushbu yilning 10 noyabr kuni Otaturk vafotiga 78 yil to’lgani munosabat bilan ulug’ dohiy Mustafo Kamol Otaturkni hurmat bilan yodga olamiz. Uning turk xalqiga qoldirgan shonli respublika va demokratiya bilan faxrlansa arziydi.

Agar yo’lingiz poytaxt Ankaraga tushsa albatta Otaturk mavzoleyi joylashgan Anitkabirni ziyorat qilishni unutmang!

 



Aloqador xabarlar