Turkiyaning madaniy xazinalari 44-qism

Anadolu madaniyatining paydo bo’lishiga katta hissa qo’shgan ulug’ din arbobi Xoji Bektosh va uning maqbarasi haqida ma’lumot...

598489
Turkiyaning madaniy xazinalari 44-qism

 

Anadolu madaniyatining paydo bo’lishiga katta hissa qo’shgan ulug’ din arbobi Xoji Bektosh va uning maqbarasi haqida ma’lumot beramiz.

Xoji Bektosh 1209 yili O’rta Osiyoda tug’ilgan bo’lib,  faylasuf  Ahmad Yassaviyning talabalaridan biri bo’lgan.  Xoji Bektosh ustozi Ahmad Yassaviyning buyrug’i bilan Turkiyaning Nevshehir viloyatiga kelib joylashadi. U Anadoluda islomni keng targ’ib etishda beqiyos mehnati singan Xuroson yoronlaridan edi. U o’z davrida Nevshehir yaqinlarida hozirgi nomi bo’lmish Xoji Bektosh tumanida ilm dargohini qurib, insonlarga va talabalarga ilm bera boshlaydi. Vaqt o’tishi bilan u Bektoshiylik tariqatiga asos soladi. Xoji Bektosh Usmoniy davlatining tashkil topishida ham katta xizmat ko’rsatgan.

O’sha davrlarda Usmoniy davlatining qo’shini bo’lmish Yenicherilar Bektoshiy odatlariga ko’ra yetishtirilar edi. Urushga ketar ekan, mutlaqo Bektoshiy bobo ularga hamrohlik qilardi va jangga kirish oldidan Yenicheri askarlariga jasorat berar edi.

Xoji Bektosh o’gitlarining asosida inson, olam va Alloh sevgisi yotadi. Uning o’git va nasihatlari kunimizda nafaqat Anadoluda, balki Bolqonlarda va O’rta Osiyoda ham insonlarga yo’l ko’rsatib keladi. U davrning buyuk allomalaridan biri bo’lgan Mavlono va Yunus Emre bilan hamisha yaqin aloqada bo’lgan. Bektoshiy maqbarasi va uning atrofidagi uylar muqaddas hisoblanadi va Bektoshiylikning markazi sifatida qabul qilinadi. Ushbu maqbara 2012 yili xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan me’moriy tuzilishi va diniy xususiyati tufayli UNESCO Dunyo madaniy meros ro’yxatiga nomzod qilib ko’rsatilgan.

Nevshehirning Xojibektosh tumanida joylashgan Xoji Bektoshi Vali maqbarasi 1964 yildan buyon Madaniyat vazirligiga qarashli muzey sifatida xizmat bermoqda. Xoji Bektosh tomonidan 13 asrda qurilgan maqbara qayta ta’mirlanib hozirgacha yetib kelgan. 2014 yili taxminan 470000 kishi tomonidan tomosha qilingan muzey Turkiyaning eng gavjum muzeylaridan biriga aylangan.

Hozirda Xoji Bektosh maqbarasi nafaqat Bektoshiy tariqatiga mansub insonlar tomonidan, balki sunniy e’tiqodiga ega bo’lgan insonlar tomonidan ham ziyorat qilinmoqda. 

Muzey 3 ta bo’limdan iborat bo’lib, birinchi bo’lim Nadar deb nomlangan. Bu bo’lim 1902 yili qurilgan chashmasi bilan ajralib turadi.

Muzeyning devorlariga Bektoshiy e’tiqodiga xos ibratli so’zlar yozilgan. Ikkinchi bo’limga kirar ekansiz, hovlida avvalo Arslon haykali o’rnatilgan chashmaga ko’zingiz tushadi. Muzeyga kelgan deyarli barcha insonlar avvalo ushbu chashmadan suv ichadilar.

Muzeyda o’sha davrlarga xos oshxona ham o’rin olgan va bu oshxonada o’sha davrlarda ovqatlar qanday tayyorlangani eksponatlar bilan birma-bir namoyish qilingan. Muzeyning oshxona bo’limida ulkan qora qozon o’rin olgan. Bu qora qozon Usmoniylarning qo’shini Yenicherilar tomonidan muqaddas hisoblangan.

Muzeydagi asosiy bo’limlardan biri Xoji Bektoshning ashyolari namoyish qilingan bo’lim hisoblanadi. Bu bo’limda Bektoshiy kiyimlari, kitoblari va ashyolarini tomosha qilish mumkin.

Bundan tashqari, Bektoshiylarga xos diniy ibodat turi  Jem marosimlari o’tkaziladigan bo’lim mavjud. Bu yerda Bektoshiy tariqatining liderlari Jem marosimini boshqarar va ishtirokchilarga diniy, falsafiy o’gitlar berar edilar. Barcha kelishmovchiliklar bu yerda hal qilinar edi.

Bektoshiylikning eng muhim o’giti bo’lgan “Qo’lingni, tilingni, belingni tiy” nasihati ushbu marosimlarda tilga olinar edi. Insonlarni ranjida qilmaslikka va inson nafsini tarbiya qilishga  tayangan bu falsafiy tushuncha Jem marosimlarida o’rgatilar edi.

Muzeyni tomosha qilar ekansiz, Xoji Bektosh tirikligida yashagan va hozirgi kunda maqbaraga aylantirilgan bo’limni uchratasiz. Bu yerda Xoji Bektosh va Bektoshiylik tariqatining muhim diniy ulamolariga tegishli sandiqlar o’rin olgan. Xoji Bektoshning sandig’i O’smon beyning o’g’li O’rhan bey tomonidan yasalgan. Bu maqbarada turli Yenicheri bayroqlari bilan Otaturk tomonidan sovg’a qilingan bayroq ham namoyish qilinadi.

Muzey hovlisida yurib borar ekansiz, Bektoshiylik tariqatining yuzaga kelishida katta ahamiyatga ega bo’lgan Balim Sultonning maqbarasi ham o’rin olgan.

 

 



Aloqador xabarlar